Buxoroda advokat 100 ming dollar olayotganda qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
28 fevral
13128Buxoroda advokat tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, prokuratura organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 100 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahridagi advokatlik byurosi advokati, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, prokuratura organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 100 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligining Jizzax viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat Transport boshqarmasining Tenderlar o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi Forish tumanida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga davlat tomonidan berilgan ISUZU avtobusini sotish huquqi bo‘lmasada, jismoniy shaxsga 6,6 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Chinoz tumani hokimligi xodimi tumandagi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida berilgan uylardan birining egasini xabardorligisiz, u kredit to‘lovlarini amalga oshirmayotganligini ro‘kach qilib, ushbu xonadonni bank balansiga qaytarish orqali, boshqa bir fuqaro nomiga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib, kredit rasmiylashtirib berish evaziga 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sirdaryo viloyatidagi Guliston tumanining sobiq hokimi noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq jinoyatga aloqadorligi aniqlangandi. 13 fevral kuni Buxoro viloyati Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 90 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni pora sifatida olayotganida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi