Buxoroda 22 tup daraxt kesgan shaxslar jarimaga tortildi
3-sahifa
−
31 mart
4109Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida 22 tup manzarali daraxtni kesgan uch kishi 171 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tumandagi “Xo‘jalar” MFY hududida daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, viloyat prokuraturasi hamda Qorako‘l tuman IIB bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish ishlari davomida 3 nafar fuqaro tomonidan har xil o‘lchamdagi 22 tup manzarali daraxt kesib tashlangani aniqlangan.
Huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar uchun 146 million 200 ming so‘m hamda 25 million 500 ming so‘m jarima undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish belgilangan edi.
LiveBarchasi