Buxoroda 16 yoshli yigit va 17 yoshli qizning to‘yi bo‘ldi
3-sahifa
−
02 iyul
13298Buxoro viloyatida erta turmush qurgan 16 yoshli kuyov hamda 17 yoshli kelinning ota-onalarini ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 iyun kuni Buxoro shahridagi “Fathobod” to‘yxonasida Shofirkon tumanidan bo‘lgan 2008 yilda tug‘ilgan yigit A.A. va Qorako‘l tumanidan bo‘lgan 2007 yilda tug‘ilgan R.N. ismli qizning to‘yi bo‘lib o‘tgan. Holat yuzasidan Qorako‘l tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Bildirilishicha, bugun, 2 iyul kuni voyaga yetmaganlarning ota-onalari N.S. va N.Q. larni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3 moddasi (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda (2 million 380 ming so‘mdan 5 million 100 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi