Buxoro shahar prokurori hayfsan oldi
Jamiyat
−
21 dekabr 2020
16994Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov o‘ziga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, hayfsan oldi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasi yuzasidan joriy yil dekabr oyi boshida unga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlangandi.
Xizmat tekshiruvida Jasur Fozilov o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, o‘zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta’minlamaganligi, amaldagi qonunchilik bilan muqobil tekshiruvlar bekor qilingan bo‘lsa-da, jinoyat ishiga aloqasi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mansabdor shaxslarini tergovga jalb qilib, so‘roq qilish orqali muqobil tekshirish, shuningdek, asossiz ravishda tadbirkorni chaqirtirish va majburiy keltirish haqida qo‘l ostidagi tergovchiga topshiriq berganligi aniqlangan.
Shularga ko‘ra, Bosh prokurorning 21 dekabrdagi buyrug‘i bilan Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovga “Hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, Jasur Fozilov o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlangani sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llagandi. Keyinroq esa murojaatni atroflicha o‘rganish maqsadida bir qator idoralar hamkorligida Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgandi.
Ma’lumot uchun, hozirda Jasur Fozilov qaytadan Buxoro shahar prokurori lavozimini bajarishga kirishgan.
LiveBarchasi