Buxoro shahar hokimligi binosi yonida ommaviy mushtlashuv bo‘ldi (video)
Jamiyat
−
29 may 2021
14590Buxoro shahar hokimligi binosi yaqinida maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi voqeaga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, mazkur videoda joriy yilning 26 may kuni soat 14:45 da Buxoro shahar J.Ikromiy mahallasida joylashgan 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida, Buxoro shahar hokimligi binosi oldida sodir etilgan janjal holati tasvirlangan.
Voqea shu kuni soat 14:49 da Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismida yuritilayotgan Shakl-2 jurnaliga qayd etilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Ushbu mushtlashuvda tan jarohati olgan va mushtlashgan fuqarolarning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilgan bo‘lib, hozirda tan jarohati olgan A.A. va J.R.larning olgan jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, voyaga yetmagan F.J. va F.J., A.A. hamda boshqalarning harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Dastlabki tergov harakatlarining yakuni yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.