Buxoro prokurori Bosh prokuror ustidan Prezidentga murojaat yo‘lladi. BP munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Murojaatda prokuror o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, Bosh prokuror boshchiligida tizimda bo‘layotgan noqonuniy ishlar haqida gapirgan.

Mazkur videomurojaat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot berdi. 

Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilmoqda.

Muallif arizasida shahar prokurori Jasur Fozilovning tazyiqi bilan Buxoro shahrida qurgan yirik savdo majmuasidan 1 metr kvadratining haqiqiy narxi 20 mln. so‘m bo‘lgan savdo do‘konini unga 5 mln. so‘mdan sotganligini, oradan bir yil o‘tib, ya’ni 2020 yil oktyabr oyida shu narxdan yana bitta do‘konni sotishini talab qilganligini, rad javobini berganligi uchun Jasur Fozilov uni tergovga chaqirib, javobgar qilish bilan qo‘rqitayotganligini bildirgan.

Ushbu holat bo‘yicha Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta’sirlarning oldini olish maqsadida u 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan.

Tekshirish davomida arizada keltirilgan barcha vajlar, shu jumladan Jasur Fozilovning 2020 yil 11 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida bildirgan holatlarga to‘liq va haqqoniy baho beriladi.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura murojaat va bayonotda bildirilgan barcha masalalar bo‘yicha shaffof va oshkora o‘rganish o‘tkazilishini, bunda jamoatchilik nazoratini ta’minlash uchun doimiy hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan.

Tekshirish natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura

Baholaganlar

2357

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing