Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga yangi rektor tayinlandi
Jamiyat
−
17 avgust 2023
9424Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Sadoqat G‘afforovna Siddiqova Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori etib tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Sadoqat Siddiqova 1978 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 1999 yilda Buxoro davlat universitetining bakalavr bosqichini, 2014 yilda Buxoro muhandislik-texnologiya institutining magistraturasini tamomlagan. Mutaxassisligi – amaliy matematika va informatika, kasb ta’limi, kompyuter tarmoqlarining dasturiy ta’minoti. Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hisoblanadi.
U o‘z mehnat faoliyatini 1999 yil Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida o‘qituvchi sifatida boshlab, direktor o‘rinbosari, 2022–2023 yillarda Buxoro viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon davlat chet tillari instituti, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutiga yangi rektorlar tayinlangandi.