Buxoro hokimi ham lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
06 noyabr
3197Bugun, 6 noyabr kuni Buxoro viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Botir Zaripov Xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida yana ushbu lavozimga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiyada Botir Komilovich Zaripov Buxoro viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlangan.
Bundan tashqari, sessiyada viloyat saylov komissiyasi raisining joriy yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglangan. Unda 24-Xumdonak saylov okrugidan saylangan deputat Jamol Rajabboyevich Ashurov xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi raisi etib saylangan.
Shuningdek, sessiyada Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Botir Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. U bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan. Botir Zaripov 2020 yil 7 noyabr kuni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 2022 yil yanvar oyida esa Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkaziladi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga (Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish) ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati – 5 yil. Konstitutsiyaning 123-moddasiga ko‘ra, viloyat hokimlarining vakolatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Erkinjon Turdimov, Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Jo‘rabek Rahimov, Navoiy viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgan Normat Tursunov va Jizzax viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Ergash Soliyev Xalq deputatlari viloyat Kengashlarining sessiyalarida o‘z lavozimlariga tasdiqlangan edi.