Bo‘kada 10 mlrd so‘mlik qalbaki kosmetika ishlab chiqargan sex aniqlandi
3-sahifa
−
19 mart
6537Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida qiymati 10 mlrd so‘mdan ziyod qalbaki kosmetika vositalarini ishlab chiqaradigan sex aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasining axborot xizmati bosh inspektori Aziza Zoirova QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Yallama” chegara bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yuk avtotransport vositasiga hujjatlarda qayd etilganidek, kiyim ilgich, turli ehtiyot qismlar, xo‘jalik mollari kabi 13 turdagi tovarlar emas, aksincha hujjatlarda umuman keltirilmagan 21 turdagi tovarlar, shu jumladan, kosmetik vositalarning idish va qutilari, ularni ishlab chiqarish va qadoqlashda foydalaniladigan turli xomashyo, yorliq hamda himoya qatlamlari borligi aniqlangan. Ularning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 mlrd so‘mdan oshmoqda.
Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar davom ettirilib, ushbu tovarlar Bo‘ka tumanidagi omborlardan birida xorijiy brendlar nomi ostidagi kosmetika va parfyumeriya vositalarining qalbaki nusxalari ishlab chiqarilishi aniqlandi.
Sexda Yevropa mamlakatlari, Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy kabi davlatlarning 20 dan ziyod turli mashhur brendlari nomi ostida ishlab chiqarilgan 280 ming donadan oshiq sifatsiz va qalbaki kosmetika va parfyumeriya vositalari hozirda vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 10 mlrd so‘mdan oshmoqda.
Eslatib o‘tamiz, pardoz-andoz, kosmetika va parfyumeriya vositalari majburiy tartibda sertifikatlanadigan tovarlar sirasiga kiradi.
LiveBarchasi