Bo‘kada homilador ayol tug‘uruqxonada vafot etdi
3-sahifa
−
21 noyabr
9190Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 19 yoshli ayol va uning homilasi shifokorlar aybi bilan nobud bo‘lgani aytilgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 17 noyabr kuni soat 14:30 lar atrofida Bo‘ka tumanining "Yangiobod" MFY hududida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan N.S. onasi tomonidan ushbu tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga yo‘llanma asosida olib boringan. Bemor “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi bilan muassasaga yotqizilgan. Shunga qaramay ayol o‘sha kuni soat 17:10 lar atrofida tilxat asosida shifoxonadan chiqib ketgan.
Oradan 3 kun o‘tib, kecha, 20 noyabr kuni soat taxminan 04:50 da bemor N.S. ushbu tug‘uruq bo‘limiga qayta murojaat qilgan va tanasida shishlar hamda sariqlik belgilari bilan og‘ir ahvolda qabul qilingan. Unga “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, o‘tkir yog‘li gepatoz, anemiya o‘rta og‘ir daraja, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi qo‘yilgan.
"Biroq shu kuni soat 13:10 lar atrofida davolanish chog‘ida ayolning ahvoli og‘irlashgan va shifokorlar konsiliumidan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning holati bo‘yicha viloyat perinatal markaziga xabar berilgan. Homilador ayol salomatlik holati hisobga olingan holda, soat chamasi 14:55 da jarrohlik amaliyotiga olingan. Operatsiya chog‘ida bemorda barcha in’eksion muolajalar tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq bajarilgan.
Lekin N.S.ning umumiy ahvoli jarrohlik amaliyoti bajarilayotgan davrda yanada og‘irlashib, klinik o‘lim holati sodir bo‘lgan. Tegishli reanimatsion muolajalar bajarilishiga qaramay, bemorda soat 17.50 atrofida biologik o‘lim qayd etilgan", deyiladi xabarda.
Dastlabki xulosaga ko‘ra, mazkur holat sababi sifatida “O‘pka arteriyasining tromboembolik sindromi. Og‘ir gepatoz. O‘tkir jigar yetishmasligi. Urosepsis. Septik shok” qayd etilgan va soat 20:00 lar atrofida prokuratura organlariga rasmiy axborot berilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh akusher-ginekologi rahbarligidagi ishchi guruh xizmat tekshiruvini amalga oshirmoqda. O‘z navbatida, Bo‘ka tumani prokuraturasi tomonidan ayolning o‘limi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi