Buxoroda aroqxo‘r onasidan bezgan bolalar Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini so‘rab murojaat qilishdi

Jamiyat

image

Buxoro shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari aka-uka A.R. hamda A.Z. aroqxo‘r onasi T.Z. ustidan shikoyat qilib, o‘zlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini so‘rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi. 

Bu haqda Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi 3-son IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika katta inspektori, katta leytenant Shahobiddin Rahmonov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Buxoro shahridagi 38-sonli “Piridastgir” MFYda yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro T.Z. opasi M.A. hamda akasi N. ta’sirida uzoq yillardan buyon spirtli ichimliklar ichib keladi. Qo‘ni-qo‘shnilar, maktab va mahalla faollari, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan nazorat hamda tartibot ishlari olib borilishiga qaramay, samara bermagan.

“Voyaga yetmagan bolalar oilada o‘ta og‘ir, qiyin va sharoitsiz ahvolda yashashadi. Shu bois maktabda o‘zlashtirishlari past. Maktabimiz jamoasi tomonidan doimiy ko‘mak beramiz. Ovqatlantiramiz, kiyintiramiz, darsliklaru o‘quv-qurollari bilan ta’minlaymiz. Aqlli, esli-hushli bolalar. Ammo juda odamovi va hurkak. Chunki nosog‘lom oila muhiti ularni ruhan cho‘ktirgan. Deyarli har kuni oilasidan xabar olamiz. Afsuski, ona ichkilikka ruju qo‘yib bo‘lgan. Uni yo‘ldan qaytara olmadik. Urinishlarimiz zoye ketdi.

Eng achinarlisi, bolalarga olib berilgan qishki kiyim-boshlarni ham aroqxo‘r ona sotib, ularni yupun qoldirgan”, deydi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Roza Avdeyeva.

Onasining surunkali ichishi yetmagandek, ular bilan bir xonadonda yashab keladigan tog‘asi hamda xolasi ham bolalar taqdiri bilan qiziqmagan.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hasan Asadovning ma’lum qilishicha, aroqxo‘r onaning aybi va ehtiyotsizligi bilan bir necha yil avval ularning xonadonida katta yong‘in sodir bo‘lgan. O‘shanda bu xonadonda aka-ukalardan tashqari, 2 yoshli L. hamda 6 yoshli A. ham ulg‘ayayotgan edi. Yosh bolalarning hayoti yana xavf ostida qolishi mumkinligini anglab, Vasiylik va homiylik kengashi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ular Mehribonlik uyiga joylashtirilgan. Ayni paytda bu ikki nafar farzandining taqdiri ham onani mutlaqo qiziqtirmaydi.

Yarim tunda aroqxo‘r onaning kaltaklashu xo‘rlashlaridan bezgan norasida aka-ukalar uydan qochib, IIO FMB 3-son IIB HPBga murojaat qilishgan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mazkur nosog‘lom oilada bolalar faqatgina onasi T.Z. bilan emas, xolasi M.A. hamda tog‘asi N.Z. bilan ham birga yashashadi. Ushbu ikki shaxs sud qaroriga asosan, viloyat Narkologiya dispanseri alkogolizmni majburiy davolash muassasasida yotqizilgan. N.Z. esa turli jinoyatlar sodir etib, bir necha bor jazoni o‘tab qaytgan. Ayni paytda ma’muriy nazoratda. Bunday oila muhitida yashash har qanday o‘smir uchun og‘ir. 

11 fevral kuni huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida yopiq sud majlisi o‘tkazildi. Bolalarning onasi T.Z. roziligi hamda arizasiga ko‘ra, o‘g‘illari Buxoro viloyati IIB XRB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

“Uyda hech qachon tinchlik bo‘lmagan, onam bizni doim uradi, kaltaklaydi. Begona erkaklar uyga kelganda sovuqmi, issiqmi, qaramay, yarim kechasi bo‘lsa ham ko‘chaga haydaydi. Onamga qo‘shilib ichgan xolam va tog‘am ham men va ukamni doimiy baqirib, qo‘rqitishadi. Ular bilan yashashni istamaymiz”, deydi katta o‘g‘il. 

Joriy yilning 15 fevral kuni aka-ukalar Buxoro viloyati IIB XRB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazidan Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyiga o‘tkazildi. Ular tahsilni Buxoro shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida davom ettirishadi.

Ayni paytda Buxoro shahrida tug‘ilgan, voyaga yetmagan aka-ukalar, shuningdek, onasining loqaydligi hamda e’tiborsizligi tufayli bugungi kunda Bolalar uyida tarbiyalanayotgan 3 yoshli Lyosha va 7 yoshli Afinaning taqdiriga ham befarq qaragan T.Z.ga nisbatan Buxoro shahar Vasiylik va homiylik kengashi tomonidan onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha hujjatlar to‘planmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Mehribonlik uyi

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing