Bugun “Real” va “Bavariya” kambek amalga oshira oladimi?
Sport
−
16 aprel
5691Bugun, 16 aprel kuni Yevropa Chempionlar ligasi chorak finali javob o‘yinlari davom ettiriladi. Unda “Real Madrid” o‘z uyida “Arsenal”ni qabul qilsa, “Bavariya” “Inter” mehmoni bo‘ladi.
Kambeklar qiroli “Real” bu ishni yana bir bor amalga oshira oladimi?
Yevropa Chempionlar ligasi qizg‘in pallasiga allaqachon kirib bo‘lgan. Chorak finalning dastlabki bahsida “Real” Londonda “Arsenal” mehmoni bo‘ldi va yirik 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Deklan Raysning benefisiga aylangan bahs hech kimning yodidan chiqqanicha yo‘q. Ammo shunday jamoa borki, o‘yin masalasini 180 gradusga o‘zgartirib yuboradi. Bu albatta, Madridning “Real”i. “Qirollik klubi” ortda qolgan mavsumlarda, yillarda shunga o‘xshash bir nechta vaziyatlarda irodani namoyish etib, kambek amalga oshirgan holda muxlislarini xursand qila olgan. Bo‘ldi, hammasi tugadi, deyilgan joyida “Real Madrid” barchani hayron qoldiradi. Xo‘sh, Anchelotti shogirdlari bu safar ham kambeklar qiroli nomini yana bir bor isbotlay oladimi? Albatta, har safargidek bu safar ham qiyin bo‘ladi. Biroq “Arsenal” ham Madridga mag‘lub bo‘lish, kambek qurboni bo‘lish uchun kelmasligi tayin. Madridliklar La Ligada ham chempionlik kurashidan chiqqanicha yo‘q. Oxirgi o‘yinda “Alaves” minimal hisobda taslim etildi. Ushbu bahsda Kilian Mbappe qizil kartochka olib, 1 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Ammo bu chetlatish Chempionlar ligasidagi uchrashuvga ta’sir qilmaydi. “Arsenal” esa Premer-ligada “Everton” bilan o‘ynab, 2:2 hisobini qayd etib, chempionlik poygasidan umidini uzdi. Arteta shogirdlari bor e’tiborini Chempionlar ligasiga qaratadigan bo‘ldi. Bu o‘yin muxlis va mutaxassislarni aslo zeriktirmaydi. Ushbu bahs 17 aprelga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu bahs g‘olibi yarim finalda PSJga qarshi o‘ynaydi.
“Bavariya” ham “Inter” to‘sig‘idan o‘tishga harakat qiladi
Dastlabki o‘yinda kutilmaganda “Inter” mehmonda 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z uyida bo‘ladigan bahs uchun kayfiyatni yaxshilab oldi. Ikkala jamoa ham o‘z chempionatlarida yetakchilikni saqlab turibdi. Endi bor e’tibor Chempionlar ligasiga qaratilgan. Ilk o‘yinda myunxenliklar safidagi yo‘qotishlar o‘z so‘zini aytgan bo‘lsa, “Inter” hujumidagi tandem Lautaro va Tyuram ajoyib o‘yin ko‘rsatgan edi. Javob bahsigacha barchasi hal deyishga hali bor. Chunki “Bavariya” jang taklif eta oladi. “Inter” ham butun o‘yin himoyada o‘ynamasligi aniq. Shunday ekan, “Inter” - “Bavariya” o‘yini muxlislarni zeriktirmasligi tayin. Ushbu o‘yin 17 aprelga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi. Qayd etish kerak, mazkur bahsda g‘olib chiqqan klub yarim finalda “Barselona”ga qarshi maydonga tushadi.
LiveBarchasi