Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Bugun “Paxtakor” chorak final yo‘llanmasi uchun “Al-Hilol”ga qarshi maydonga tushadi

Sport

image

Elit Osiyo Chempionlar ligasi  1/8 final bosqichining javob o‘yinlari doirasida bugun, 11 mart kuni Toshkentning “Paxtakor” klubi yulduzli tarkibga ega va qit’aning eng sovrindor jamoasi hisoblanmish Saudiyaning “Al-Hilol” jamoasi o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. 

“Paxtakor” chorak finalga o‘ta oladimi?

Toshkent klubi ushbu o‘yinga yaxshi kayfiyatda kelmoqda. Sababi, ilk o‘yinda “Paxtakor” o‘z uyida “Al-Hilol”ni qabul qilib, 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Flamarionning yagona goli “sherlar”ga g‘alaba keltirgandi. Javob o‘yinida ham raqibiga yaxshigina qarshilik ko‘rsata oladi. Chunki toshkentliklar qishki transferlar oynasida tarkibda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirdi. Brayan Riaskos, Flamarion, Jonatan, Jonatan Lukka kabi legionerlar jamoaga olib kelindi. Dastlabki bahsda o‘yin masalasini aynan legionerlar hal qildi. Brayan Riaskosning qanotdan uzatib bergan uzatmasini Flamarion ko‘kka sovurmadi va darvozani ishg‘ol qildi. 

“Al-Hilol”ning jiddiy yo‘qotishlari

Saudiya klubi “Paxtakor”ga qarshi javob o‘yiniga tarkibdagi jiddiy yo‘qotishlar bilan kelmoqda. Jamoaning asosiy hujumchisi Aleksandr Mitrovich jarohatini tuzatish bilan band. Qanot himoyachilari Joau Kanselu va Renan Lodi uzoq muddatga safdan chiqqan. Yarim himoyachi Sergey Milinkovich Savich ham “Paxtakor”ga qarshi ilk o‘yinda jarohat orttirib olgani va u ham bir necha haftani o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Ammo Malkom va Joau Neveshning tushishi ehtimoli katta, chunki ushbu futbolchilarda jarohat yo‘q. Mana shunday yo‘qotishlar bilan ham Jorje Jezush shogirdlari osonlikcha turnirni tark etmasligi aniq. Agar mana shu bahsda Saudiya klubi mag‘lub bo‘ladigan bo‘lsa “Al-Hilol” rahbarlari murabbiy bilan xayrlashishi mumkinligi ham ma’lum bo‘lgandi.

“Paxtakor” raqibning yo‘qotishlaridan yana bir bor foydalanib, o‘zi uchun qulay natija qayd eta oladimi, yoki “Al-Hilol” tajribasi evaziga tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘diradimi? Ushbu savolga Toshkent vaqti bilan 12 martga o‘tar kechasi soat 01:00 da start oladigan “Al-Hilol”-“Paxtakor” o‘yini orqali javob olamiz. 

Qayd etish joiz, javob o‘yinidagi durang natija ham toshkentliklarni qanoatlantiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Al-Hilol Elit Osiyo Chempionlar ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing