Bugun G20 yetakchilari Braziliyada yig‘iladi
Olam
−
18 noyabr
3573Joriy yilning 18-19 noyabr kunlari Braziliyaning Rio-de-Janero shahridagi Zamonaviy San’at muzeyida G20 sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, uchrashuvga barcha G20 mamlakatlari hamda Misr, Ispaniya, Qatar, Kolumbiya, Norvegiya va Singapur kabi boshqa davlatlar rahbarlari ham taklif qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy sammitga taklif qilinmagan. Germaniya kansleri Olaf Shols bundan afsusda ekanini bildirib, Zelenskiyga G20 sammiti uchun taklifnoma yuborishdan bosh tortishni jiddiy muammo deb atagan.
“Hurriyet” nashrining yozishicha, ushbu sammitda dunyo liderlari “Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash”, “Global boshqaruv institutlarning islohoti” va “Barqaror rivojlanish va energiya ta’minoti” mavzusidagi yig‘ilishlarda qatnashadi. Shuningdek, uchrashuv doirasida Meksika, Indoneziya, Janubiy Koreya, Turkiya va Avstraliyadan iborat maslahat va muvofiqlashtirish platformasi MIKTA rahbarlari ham yig‘iladi.
Sammitda “Ochlik va qashshoqlikka qarshi global ittifoq”da ishtirok etuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham e’lon qilinadi. Sammit oldidan braziliyalik huquq himoyachilari Kopakabana plyajiga butun dunyo bo‘ylab ochlikdan aziyat chekayotgan 733 million odamni ifodalash uchun 733 ta bo‘sh idishlar qo‘yishgan. Sammit yakunida Braziliya G20 raisligini Janubiy Afrikaga topshiradi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi