Bugun “101 vatandosh izidan” loyihasiga start beriladi
Jamiyat
−
06 fevral 2020
8625“101 vatandosh izidan” loyihasi ishchi guruhi 6 fevral kuni O‘zbekiston — Germaniya — Niderlandiya — Polsha — Belarus — Rossiya —O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha ekspeditsiyaga jo‘nab ketadi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar bermoqda.
“1942 yilning 9 aprel kuni Niderlandiyaning Amersfort shahrida 101 o‘zbek askarlari fashistlar tomonidan qatl qilingan. Ularning taqdiri uzoq vaqt davomida noaniq bo‘lib qolgan. Endilikda yaqin vaqtgacha “maxfiy” tamg‘asi bosilgan arxiv hujjatlari mardonavor kurashgan 101 nafar o‘zbek askarlarining jasorati haqida dalolat bermoqda. Loyiha muallifi — navoiylik faol — Jonibek Shuhratovning aytishicha, o‘sha yillarda mardlik ko‘rsatgan vatandoshlarimiz duch kelgan voqealarni to‘liq o‘rganish, ular haqida keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga axborot berish vaqti keldi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotga ko‘ra, “101 vatandosh izidan” loyihasi Navoiy viloyati hokimligi, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda va internet nashrlar orqali #G‘alabaning75yilligi va #101vatandosh heshteglari ostida fuqarolarga axborot berib borish rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqich (6-12 fevral) ilmiy-ekspeditsiya ko‘rinishida tashkillashtirilib, unda ishchi guruh a’zolari belgilangan yo‘nalish bo‘yicha joy nomlari, voqea guvohlari va boshqa qimmatli ma’lumotlarni to‘plashadi hamda tarixiy hujjatlarni umumlashtirishadi. Ikkinchi bosqichda (5–9 may) esa navoiylik ziyoratchilar, shu jumladan, Amersfortda qatl etilgan askarlarning avlodlaridan iborat guruh “101 vatandosh izidan” yo‘nalishi bo‘yicha ziyoratni amalga oshiradi.
Ishchi guruh a’zolarining yo‘nalish grafigi:
6—8 fevral, Germaniya: Berlin shahridagi O‘zbekiston elchixonasida uchrashuv, Reyxstag binosiga tashrif hamda Saksoniya-Anxelt shahrida dafn etilgan shahrisabzlik Rauf Pardayev qabri ziyorati.
8—10 fevral, Niderlandiya: konslagerda 101 o‘zbek askarlari bilan sodir bo‘lgan voqealarga guvoh bo‘lgan Henk Brauxauzen bilan suhbat, Amersfort shahridagi 101 o‘zbek askarlari dafn etilgan qabriston ziyorati, Amsterdam shahri rasmiylari bilan uchrashuv.
10—12 fevral, Polsha: Gdansk shahrida joylashgan o‘zbek generali Sobir Rahimovning ramziy qabri ziyorati, Osvensim konslageriga tashrif.
12—14 fevral, Belarus: 2015 yilda “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi” asari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Belarus yozuvchisi Svetlana Alekseyevich bilan o‘zbek generali Mamadali Topivoldiyev jasorati haqida suhbat.
14—16 fevral, Rossiya: Sankt-Peterburg shahridagi Piskaryov qabristonida dafn etilgan 1450 nafar o‘zbek askari qabrlari ziyorati.
LiveBarchasi