Bo‘g‘oz uchun jang yoxud Hormuz kelajagi
Olam
−
21 aprel 2191 8 daqiqa
Dunyo xaritasida kichikgina chiziqdek ko‘ringan Hormuz bo‘g‘ozi aslida global iqtisod va xavfsizlikning yuragi bilan bog‘langan qon tomiridir. Energiya oqimlarining asosiy qismi aynan shu tor suv yo‘lagi orqali o‘tadi, shu bois u faqat geografik ob’ekt emas, balki siyosiy bosim va geosiyosiy o‘yinlar markaziga aylangan. Bugungi keskinlashgan xalqaro vaziyat, ayniqsa Yaqin Sharqdagi urushlar bu bo‘g‘ozning naqadar nozik va strategik ahamiyatga ega ekanini yanada ravshan ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 17 aprel kuni bo‘g‘oz ochilgani haqidagi xabarlardan so‘ng, global bozorlarda qisqa muddatga bo‘lsada narxlar pasaydi. Ammo Isroil va Livan o‘rtasida tuzilgan kelishuvning tez orada buzilishi vaziyatni yana keskinlashtirdi. Natijada, Eron bo‘g‘ozni qayta yopish orqali qo‘lidagi “qartasini” ishga soldi. Xo‘sh, ushbu “spektakl” davomi qanday bo‘ladi, komediya yoki tragediya?
Hormuz atrofida nimalar bo‘lyapti?
Bugun Hormuz bo‘g‘ozi AQSH uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan strategik yutuq sifatida ko‘rilmoqda. Chunki dunyo bo‘ylab eksport qilinayotgan neftning qariyb 20–25 foizi aynan shu tor yo‘lak orqali o‘tadi. Bu esa, kuniga o‘rtacha 20 million barrel energiya resurslari degani. Shunday sharoitda Eron ushbu bo‘g‘ozni yopish yoki ochish orqali global bozorga bevosita ta’sir o‘tkaza oladigan kuchga ega bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi haftada Yaqin Sharqdagi vaziyat Toshkent ob-havosi kabi o‘zgaruvchan bo‘ldi. AQSH tomonidan kuchaytirilgan dengiz nazorati va amalda blokada sifatida baholanayotgan choralar fonida neft narxlari keskin ko‘tarildi. Xalqaro birjalarda Brent markali neft narxi qisqa muddat ichida 8–12 foizga oshib, bir barrel uchun 100 dollardan yuqoriga chiqdi. Bu ko‘tarilish nafaqat energiya bozoriga, balki global inflyatsiya darajasiga ham bosim o‘tkazdi.

Nihoyat, 17 aprel kuni Isroil va Livan o‘rtasida 10 kunlik sulh e’lon qilingani dastlab vaziyatni yumshatgandek ko‘rindi. Ushbu kelishuv mintaqadagi keskinlikni kamaytirishi, energiya yo‘llarining barqarorligini ta’minlashi mumkin edi. 14 aprel kuni Isroil va Livan 34 yil ichida ilk bor Vashingtonda ochiq muzokaralarga kirishdi. Sammitga AQSH davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qilgan. Muvaffaqiyatli yakunlangan muzokaralardan so‘ng AQSH Prezidenti Donalt Tramp o‘zini 10 ta urushga yakun yasagan shaxs sifatida e’tirof etib, tomonlarga minnatdorchilik bildirdi.
“Seshanba kuni ikki davlat 34 yil ichida birinchi marta Vashingtonda Buyuk Davlat kotibimiz Marko Rubio bilan uchrashdilar. Men vitse-prezident J.D. Vans va Davlat kotibi Rubioga, shuningdek, shtab boshliqlari qo‘shma qo‘mitasi raisi Den Razin Keynga Isroil va Livan bilan birgalikda uzoq muddatli TINCHLIKka erishish uchun ishlashni buyurdim. Dunyo bo‘ylab 9 ta urushni hal qilish men uchun sharaf bo‘ldi va bu mening 10-urushim bo‘ladi, shuning uchun keling, BUNI BAJARAYLIK!”, deb yozadi Tramp o‘zining “Truth Social” tarmog‘ida.
AQSH blokadasi tufayli suv logistikasida muammolarga duch kelayotgan Eron uchun bu kelishuv vaziyatni yaxshilashga qulay fursat yaratdi. Tez orada Tehron ham o‘z bergan va’dasini bajarib, Hormuz bo‘g‘ozini vaqtincha ochdi. Bu haqida Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X sahifasida quyidagicha bayonot berdi:
“Livandagi sulhga muvofiq, Hormuz bo‘g‘ozi orqali barcha tijoriy kemalar uchun o‘tish yo‘li sulhning qolgan muddati davomida to‘liq ochiq deb e’lon qilinadi. Bu harakat Eron Islom Respublikasining Portlar va dengiz tashkiloti tomonidan oldindan belgilangan muvofiqlashtirilgan yo‘nalish asosida amalga oshiriladi”, deb yozadi u.
Bu qaror bozorlarda ijobiy reaksiya uyg‘otib, narxlar biroz pasayishiga olib keldi. Xabar e’lon qilingach, jahon bozorida Brent neftining narxi keskin tushib, taxminan 8-7 foizga arzonlashdi va 90 dollar atrofida narx qayd etilgan. AQSH rahbari ham buni yirik g‘alaba sifatida e’tirof etib, Eronning bu qarorini olqishladi.
Ammo bu “tinchlik tanaffusi” juda qisqa davom etdi. Sulh e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Isroil janubiy Livanga hujum boshladi. Xususan, Isroil armiyasi – SAXAL Al-Xiyam va Dbeybin shaharlariga artilleriya zarbalari bergani, shuningdek pulemyotlardan o‘q uzilgani xabar qilindi. G‘arbiy Bekaa hududida esa dron hujumlari qayd etilgan. Isroil tomonning da’volariga ko‘ra, “Hizbulloh” ham sulhdan oldingi 24 soat ichida guruh Isroil kuchlariga qarshi o‘nlab hujumlar uyushtirgan.

Bundan tashqari AQSH dengiz kuchlari Eron portlarini blokada qilishni davom ettirdi. Bu esa, yana zanjirli reaksiya keltirib chiqardi: Eron yana keskin choraga o‘tib, Hormuz bo‘g‘ozini qayta yopganini e’lon qildi.
“Eron Islom Respublikasi avval erishilgan kelishuvlarga amal qilgan holda va xayrixohlik ko‘rsatib, Hormuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan miqdordagi neft va savdo kemalarini nazorat ostida o‘tkazishga rozilik bergan edi.
Biroq amerikaliklar yana bir bor sotqinlik ko‘rsatib, blokada niqobi ostida qaroqchilik va dengiz talonchiligini davom ettirmoqdalar. Shu munosabat bilan Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat avvalgi holatiga qaytarildi va ushbu strategik suv yo‘li Eron Qurolli Kuchlarining qattiq boshqaruvi va nazorati ostida qolmoqda”, deydi “Xatam al-Anbiya” markaziy qo‘mondonligi rasmiy vakili.
Bu jarayonlar bir narsani aniq ko‘rsatmoqda: Hormuz endi faqat transport yo‘lagi emas, balki siyosiy “bosim dastagi”ga aylangan. AQSH uni nazorat qilish orqali global energiya oqimlarini kafolatlashga urinmoqda, Eron esa uni yopish tahdidi orqali o‘zining geosiyosiy ta’sirini oshirmoqda. Natijada bu hudud ikki kuch o‘rtasidagi strategik shaxmat taxtasiga o‘xshab qolmoqda, har bir yurish esa, nafaqat mintaqaviy, balki global oqibatlarga olib kelmoqda.
Bo‘g‘oz kelajagi va xalqaro huquq
Aslida, Hormuz bo‘g‘ozi global tranzit yo‘lagi sifatida alohida maqomga ega, bu hududning yopilishi yoki cheklanishi nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid hisoblanadi.
Xalqaro huquq nuqtai nazaridan qaralganda, bunday strategik bo‘g‘ozlarning ochiqligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan UNCLOS (The United Nations Convention on the Law of the Sea) — ya’ni Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiya bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjatga ko‘ra, xalqaro navigatsiya uchun muhim bo‘lgan bo‘g‘ozlarda “tranzit o‘tish huquqi” kafolatlanadi va uni bir tomonlama to‘sib qo‘yish xalqaro huquqni buzish sifatida baholanadi. Ammo muammo shundaki, bu konvensiya barcha davlatlar uchun majburiy emas. Masalan, Eron ushbu hujjatni to‘liq ratifikatsiya qilmagan, bu esa Tehronga “bilganini qilishga” huquq beradi. Ya’ni, amalda xalqaro norma mavjud bo‘lsa-da, uni buzganlik uchun aniq va tezkor jazo mexanizmi yo‘q.

Shu nuqtai nazardan, Eronning Hormuzni yopish yoki ochish orqali siyosiy bosim o‘tkazishi formal jihatdan bahsli, ammo real siyosatda samarali vositaga aylangan. Eron rasmiylari va harbiy doiralari bu hudud ustidan nazoratni “milliy xavfsizlik masalasi” sifatida talqin qilmoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq qo‘mondoni Ibrohim Azizi tomonidan bildirilgan fikrlar ham shuni ko‘rsatadiki, Tehron hech qachon bu strategik ustunlikdan voz kechmoqchi emas.
“Eron o‘tish huquqini, jumladan, kemalarning bo‘g‘ozdan o‘tishiga ruxsatnomalarni hal qiladi. Bu bizning ajralmas huquqimiz. Biz konstitutsiyaning 110-moddasiga asoslanib, parlamentga qonun loyihasini kiritmoqdamiz. Unda atrof-muhit, dengiz xavfsizligi va milliy xavfsizlik masalalari qamrab olingan — va ushbu qonunni qurolli kuchlar amalga oshiradi”, deydi u.
Hatto sulh muzokaralarida ham Hormuz ustidan nazoratni saqlab qolish asosiy shartlardan biri sifatida ilgari surilayotgani — bu oddiy geosiyosiy talab emas, balki uzoq muddatli strategiyaning bir qismi.
“Urushdan keyingi bosqichda Eron uchun birinchi ustuvor vazifa — o‘zining tiyib turish kuchini tiklashdir va Hormuz bo‘g‘ozi Eronning asosiy strategik bosim vositalaridan biridir. Tehron boshqa davlatlar Eronning bo‘g‘oz bo‘yicha yangi tizimidan qanday foyda ko‘rishi mumkinligini muhokama qilishga ochiq, biroq asosiy masala — nazorat (to‘liq boshqaruv) ularning qo‘lida qolishidir”, deb tushuntiradi Tehron universiteti ilmiy xodimi Muhammad Eslami.
Boshqa tomondan, AQSHning mintaqadagi harbiy faolligi ham kam bahsli emas. BMT Nizomiga ko‘ra, harbiy blokada faqatgina o‘zini himoya qilish yoki BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin. Ammo bugungi vaziyatda AQSHning Hormuz atrofida olib borayotgan harakatlari ko‘plab ekspertlar tomonidan “de-fakto blokada” sifatida baholanmoqda. Rasmiy Vashington buni xavfsizlik chorasi sifatida izohlasa-da, amalda bu harakatlar global savdo erkinligiga bosim sifatida ko‘rilyapti.
Bu jarayonlarning iqtisodiy oqibatlari esa allaqachon sezilmoqda. So‘nggi haftalarda neft narxlari 10–15 foizga oshdi, ayrim kunlarda Brent narxi 100 dollar chegarasiga yaqinlashdi. Transport harajatlarining oshishi esa, global inflyatsiyani kuchaytirish xavfini tug‘dirmoqda. Eng qizig‘i, bu o‘sish faqat energiya sektori bilan cheklanmaydi — oziq-ovqat, logistika va ishlab chiqarish zanjirlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Agar Eron kelgusida Hormuzdan o‘tishni to‘lov asosida tartibga solishga harakat qilsa, bu butunlay yangi bosqichni boshlab beradi. Bu holatda erkin tranzit prinsipi amalda yo‘qoladi va global savdo yo‘llari siyosiy vositaga aylanishi mumkin. Bu esa, nafaqat xalqaro huquqni, balki erkin bozor tamoyillarini ham izdan chiqaradi.
Xulosa qilib aytganda, Hormuz atrofida yuz berayotgan voqealar shuni ko‘rsatadiki, xalqaro huquq nazariyada kuchli, ammo amaliyotda zaif. Qonunlar mavjud, lekin ularni majburiy ijro ettirish mexanizmi yetarli emas. Natijada esa, global tizim kuchli davlatlar irodasiga tobora ko‘proq bog‘lanib bormoqda. Hormuz esa, bu jarayonning markazida turibdi — nafaqat strategik bo‘g‘oz, balki zamonaviy geosiyosatning eng ochiq va eng bahsli sahnasiga aylangan.
Live
Barchasi