Prezident tabiiy gaz va elektrni iqtisod qilish bo‘yicha topshiriq berdi
Jamiyat
−
26 mart
32028O‘zbekistonda 2025 yilda 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish reja qilindi. Bu haqda bugun, 26 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev energiya resurslarini iqtisod qilish, iste’mol samaradorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, Prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, o‘tgan yilgi tajribani davom ettirib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar ishtirokida ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi o‘rganishlarda 870 million kilovatt soat elektr va 420 million kub metr gazni iqtisod qilishning yangi imkoniyatlari aniqlangan. Masalan, bu viloyatlardagi kichik va o‘rta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni tejamkoriga almashtirib, yiliga 385 million kilovatt soat elektr va 50 million kub metr gaz tejash mumkin.
Shuningdek, tuman va mahallarda ham energiyani iqtisod qilish bo‘yicha imkoniyatlar juda ko‘p. Masalan, 300 ta mahallada 100 megavattli kichik quyosh stansiyalari barpo qilib, shu yilning o‘zida 45 million kub metr gaz tejasa bo‘ladi. Bundan tashqari, kanal va soylarda quriladigan mingdan ziyod mikro GESlar hisobiga qo‘shimcha 175 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi.
Ko‘chalarni yoritishga ham yiliga 200 million kilovatt elektr sarflanyapti. Quyosh panelli chiroqlar o‘rnatilsa, iste’mol 2 karra kamayadi.
“Shu kabi imkoniyatlar hisobidan, bu yil 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha qo‘shimcha reja olindi.
Davlatimiz rahbari, birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar o‘rnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, yig‘ilishda ishxonalar va uy-joylarda energiyani tejash madaniyatini oshirish ham muhim ekani qayd etilgan. Elektr va gazni behudaga yoqib qo‘ymaslik, quyosh panellari va boshqa muqobil manbalardan foydalanish ham ancha hajmni tejaydi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida aholi zich joylashganini hisobga olib, ularni energiya bilan ta’minlashda alohida yondashuv ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2030 yilga borib, O‘zbekiston aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot 2 karra o‘sishi kutilyapti. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi.
LiveBarchasi