Bu yil 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga toza suv yetib bordi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
26 dekabr 2025 992 1 daqiqa
2025 yilda 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
Prezidentga ko‘ra, aholi farovonligi va biznesni o‘stirishga xizmat qiladigan infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha ham 2025 yil katta o‘zgarishlar yili bo‘lgan.
Xususan, energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazilgan.
“Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Yoki 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadonga tomorqalarni sug‘orish uchun ilk bor suv yetib bordi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qolaversa, joriy yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uylar topshirilmoqda, odamlarning o‘zi ham yashash sharoitini yaxshilash uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qilgan.
Biznes vakillari tomonidan 24 million kvadrat metr noturar joy ob’ektlari barpo etilgan.
Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar joy va noturar joy ob’ektlari foydalanishga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tarixida bu yil yalpi ichki mahsulot 145 mlrd AQSH dollaridan oshgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi