Bu yil ham maktablarda majburiy forma talab etilmaydi
Jamiyat
−
03 avgust
4484O‘zbekistonda 2024/25 o‘quv yilida maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolovga tayanib, O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2018 yil hukumat tomonidan yagona maktab forma namunalari tasdiqlangan. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uni ixtiyoriy tartibda kiyishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qaroriga ko‘ra, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib borilishi belgilangan.
“Hozirga qadar o‘quvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qo‘yilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi. Ammo o‘quvchilar uchun “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odab-axloq qoidalari”ga muvofiq, o‘quvchilarning ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi”, deydi Azamat Kamolov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mikrohududdan tashqaridagi maktablarda 1-sinfga qabul boshlangani haqda xabar berilgandi.
LiveBarchasi