Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgan – Qurilish vaziri Jizzaxda qulagan bino haqida
Jamiyat
−
14 yanvar 2021
10161Jizzax shahrida qulagan ko‘p qavatli binolardan birining qurilishida korrupsion sxema bo‘lgan. Bu haqda bugun, 14 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida qurilish vaziri Botir Zokirov so‘z yuritdi.
Tadbirda qurilish vaziri voqea yuzasidan munosabat bildirarkan, hujjatni uch marta aniqlashtirishganda uch xil natija chiqqanini ta’kidlab, u yerda korrupsion sxema bo‘lganligini urg‘uladi.
“Bu bo‘yicha menga ham alohida ma’lumot kirgan. Administratsiyadan ham shu masala bo‘yicha oydinlik kiritildi — u yerda korrupsion sxema bo‘lgan. Kimningdir hokimlikka qanaqadir yaqinligi bor yoki tizimda tanish-bilishi bor, bugun uning nomiga olinadi, qurilish boshlangandek bo‘ladi va umuman boshqa odamlar ishlaydi. Shuning uchun hujjatni uch marta aniqlashtirishganda uch xil chiqyapti. Unaqa bo‘lishi kerak emas. Bu korrupsion sxema-da, masala shu. Hozir qidiradigan bo‘lsangiz, birorta egasi chiqmaydi va mingta bahona qilishadi. Bu korrupsion sxema.
Bir xil odamlar biznes qilyapti, uning tanish-bilishi bor, u bemalol kiradi, joyni oladi, tushunyapsizmi? Keyin hali qurilish tugamasidan sotadi. Hamma hujjat chala-chulpa bo‘ladi. Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgani uchun tadbirkorlar nima xohlasa, qilyapti. Biz shuning oldini olishimiz kerak.
Yana bitta narsa, administratsiyaga bergan ma’lumotda ham Jizzaxdan tashqari, boshqa aholi yashash punktlarida ham xuddi shunday sxema bo‘layotgani to‘g‘risida aytib o‘tilgan. Hozir o‘tirib qanday korrupsiya ekanligini muhokama qilishga menda vakolat yo‘q. Ob’ektning buyurtmachisi, texnik va loyiha mualliflik nazorati hamda pudratchisi bo‘lishi kerak. Ularda buning bittasi, hatto buyurtmachining o‘zi ham yo‘q”, dedi Botir Zokirov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni Jizzax shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri qulab tushgani haqida xabar bergan edik. Bosh prokuratura holat yuzasidan munosabat bildirib, Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Bu orada imorat egasi “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi ekani ma’lum bo‘ldi. Qurilish vazirining o‘rinbosari Kozim To‘laganov holat yuzasidan munosabat bildirib, imorat dastlab 3 qavatli bo‘lishi mo‘ljallangani, keyinroq 6 qavatliga aylantirilganini ta’kidlab o‘tdi.