Bu yashash uchun kurashdek edi – Anchelotti
Sport
−
18 aprel
2706Yevropa Chempionlar ligasi (YeCHL) 1/4 finalining javob o‘yini doirasida Madridning “Real” klubi safarda “Manchester Siti” bilan kuch sinashib, penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘alaba qozondi va turnirning yarim finaliga yo‘l oldi.
Uchrashuvdan so‘ng madridliklar ustozi Karlo Anchelotti o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘yinni yaxshi boshladik, keyin esa natijani saqlashga va sabr qilishga to‘g‘ri keldi. Raqibimiz o‘yinni nazorat qildi, chunki biz darvozamizga juda yaqin o‘ynab yubordik. Himoyalanishni juda yaxshi uddaladik. Bu yashash uchun kurashdek edi, “Real” buni o‘ziga singdirgan, shunday vaziyatlarga tushamizki, go‘yo undan chiqib ketishga imkon yo‘qdek, lekin kerakli imkoniyatni topa olamiz. Chidash va hayot-mamot uchun jang qilish. Bu stadionda va bu raqibga qarshi boshqacha yo‘l bilan yutishning imkoni yo‘q edi. Mehnat, o‘zini qurbon qilish va bor imkoniyating bilan kurashish. Penaltilarga borganimizda g‘olib bo‘lishimizga shubham qolmadi. Gvardiola haqiqiy jentelmen. U kelib tabriklab ketdi va omad tiladi”, deydi Anchelotti.
Shunday qilib, “Real” YeCHL yarim finalida Germaniyaning “Bavariya” klubi bilan to‘qnash keladi. Birinchi uchrashuv 30 aprel kuni Myunxenda, javob o‘yini esa 7 may sanasida Madridda bo‘lib o‘tadi.