Anchelotti Braziliyaning JCHdan chiqib ketishiga izoh berdi
Sport
−
09:49 2130 2 daqiqa
Braziliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatining 1/8 finalida Norvegiyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lgani yuzasidan fikr bildirdi.
Italiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, uning shogirdlari o‘yin davomida to‘p nazorati va yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha ustunlik qilgan, ammo bu ustunlikni gollarga aylantira olmagan.
“Avvaliga o‘yinni nazorat qilib, xavfli vaziyatlar yaratayotgandek tuyuldi. Norvegiya juda kuchli jamoa, shuning uchun ularga qarshi yuqori bosim qo‘llash oson emas. Bunday raqibga qarshi ortiqcha bosim o‘tkazishning o‘zi ham xavfli. Bizga Braziliya futboliga yangi sur’at bag‘ishlaydigan iqtidorli yoshlar va yuqori saviyali futbolchilar kerak. Menimcha, biz yaxshi o‘ynadik, ammo bu futbol. Ba’zan mag‘lubiyatni tan olishga to‘g‘ri keladi”, dedi Anchelotti.
Shuningdek, italiyalik murabbiy birinchi bo‘limda belgilangan penaltini nega Vinisius emas, Bruno Gimaraynsh tepganiga ham izoh berdi.
“Biz statistik ma’lumotlarga tayandik. Bizdagi futbolchilar orasida eng yaxshi penaltichi Rafinya edi. U maydonni tark etganidan keyin navbat Neymarga, so‘ng Igor Tiago, Bruno Gimaraynsh va Gabriel Martinelliga kelardi. Biz Brunoni eng to‘g‘ri tanlov deb hisobladik”, dedi Anchelotti.
Bruno Gimaraynsh ushbu penaltini aniq amalga oshira olmadi. Shu tariqa, u so‘nggi 40 yil ichida Jahon chempionati asosiy vaqtida penaltidan foydalana olmagan birinchi braziliyalik futbolchiga aylandi. Bu statistika penaltilar seriyasini o‘z ichiga olmaydi.
Ma’lumot uchun, Braziliya Jahon chempionati tarixida eng ko‘p – besh marta (1958, 1962, 1970, 1994 va 2002 yillarda) chempion bo‘lgan yagona terma jamoa hisoblanadi. Biroq jamoa so‘nggi chempionligidan beri mundial finaligacha yetib bora olmagan.
Live
Barchasi10:42