Anchelotti Braziliyaning JCHdan chiqib ketishiga suv tanaffusini sabab qilib ko‘rsatdi
Sport
−
31 iyul 2120 2 daqiqa
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizligiga Norvegiyaga qarshi 1/8 final uchrashuvidagi suv tanaffusi sabab bo‘lganini aytdi. Bu haqda u ESPN nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Braziliya mazkur bahsda Norvegiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, 1990 yildan beri ilk bor Jahon chempionatining chorak finaliga chiqa olmagandi.
“Menimcha, biz Jahon chempionatini Norvegiyaga qarshi o‘yinning tanaffusida yutqazdik. O‘sha paytgacha jamoa o‘yinni to‘liq nazorat qilayotgan edi. Norvegiya to‘pga ko‘proq egalik qilishga harakat qilardi, ular Angliyaga qarshi ham shunday o‘ynagan. Lekin biz vaziyatni nazorat qilib turgandik va g‘alaba qozonishimiz mumkin edi”, deydi Anchelotti.
Italiyalik mutaxassisning tan olishicha, u tanaffus paytida taktik o‘zgarish kiritish orqali xatoga yo‘l qo‘ygan.
“Ehtimol, eng katta xatoim ham shu bo‘lgan. Men, jamoa o‘yinni nazorat qila olmayapti, deb o‘yladim, aslida esa bunday emas edi. Tarkibda bir nechta o‘zgarish qildim va shundan keyin Erling Holandni to‘xtatishda muammoga duch keldik”, deydi u.
Mazkur uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Holand dubl qayd etdi. Braziliyaliklar esa faqat qo‘shimcha vaqtda Neymar penaltidan urgan gol evaziga hisobdagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatida ilk bor har bir bo‘limning 22-daqiqasida, ob-havo sharoitidan qat’i nazar, 3 daqiqalik majburiy suv tanaffusi joriy etildi. FIFA bu qaror futbolchilarning suvsizlanishini oldini olish maqsadida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, mazkur tanaffuslar translyatsiya huquqiga ega telekanallarga jonli efir davomida qo‘shimcha reklama namoyish etish imkonini berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi Jahon chempionati Amerika teleradiokompaniyalari uchun rekord darajada reklama daromadi keltirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi