Bu o‘zgarishlar barchamizga ta’sir qildi – Yelizaveta II koronavirus munosabati bilan inglizlarga murojaat qildi
Olam
−
06 aprel 2020
4331Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 5 aprel oqshomida millat va Hamdo‘stlik mamlakatlariga qilgan maxsus murojaatida koronavirus pandemiyasi vaqtida intizom va qat’iyatlilik muhimligini ta’kidladi.
U mana shunday og‘ir davrda inglizlarning yelkasiga tushgan yo‘qotish, azob-uqubat va moliyaviy qiyinchiliklar qanchalik og‘irligini alohida ta’kidladi.
Qirolicha, shuningdek, milliy sog‘liqni saqlash xizmati va boshqa soha vakillariga minnatdorlik bildirdi va bu vaziyatda jamiyatning har bir a’zosi muhim rol o‘ynashini gapirib o‘tdi.
Qirolicha shunday dedi: “Men sizlar bilan favqulodda bir holatda gaplashyapman. Mamlakatimizda odatiy hayot izdan chiqqani ba’zilar uchun chuqur qayg‘u, yana ba’zilar uchun moliyaviy qiyinchilik keltirib chiqardi. Bu o‘zgarishlar barchamizga ta’sir qildi”.
"Umid qilamanki, kelajakda bu qiyinchiliklarni qanday kutib olganimiz bilan barcha faxrlanadi. Bizdan keyin keladiganlar esa britaniyaliklarning bu avlodi avvalgilari kabi kuchli ekanini aytadi", - dedi qirolicha.
Qirolicha, shuningdek, ushbu hafta oxirida yaxshi ob-havo bo‘lishiga qaramay, hukumatning tavsiyalariga rioya qilgan va uyda qolgan barcha britaniyaliklarga minnatdorchilik bildirdi.
“Garchi biz ilgari turli qiyinchiliklarni yengishimizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, ammo bu safargisida bitta farq bor. Bu safar bir sayyoradagi barcha davlatlar bilan birdam bo‘lib, ilm-fanning buyuk yutuqlaridan foydalanyapmiz. Biz muvaffaqiyatga erishamiz va bu muvaffaqiyat har birimizga tegishli bo‘ladi", dedi Yelizaveta II.
93 yashar qirolichaning ushbu murojaati Vindzor qasrida yozib olindi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirusga 47 806 nafar odam chalindi. 135 bemor shifo topgan bo‘lsa, 4 934 kishi vafot etdi.
LiveBarchasi