O‘zbekistonda ilk bor siam egizaklari ajratildi
Salomatlik
−
19 yanvar 2023
10298O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida sodir bo‘lgan so‘nggi hodisalar, ayniqsa, “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab vafot etgan 20 nafar bola voqeasi odamlarning sohaga nisbatan ishonchini ancha tushirdi. Lekin Respublika perinatal markazida omadli ish amalga oshirildi – o‘zbek shifokorlari ilk bor siam egizaklarini ajratish operatsiyasi o‘tkazib, uni muvaffaqqiyatli tugata oldi.
2022 yilning 31 may kuni Qirg‘izistonda tanasi birlashib ketgan Fotima va Zuhra dunyoga keldi. Dastavval qirg‘izistonlik shifokorlar yashab ketolmasligini aytib, bolalarning onasiga homilani oldirib tashlashni maslahat bergan. Biroq go‘daklarning ota-onasi chekinishni istamagan va o‘zbekistonlik shifokordan yordam so‘ragan.
“Nabiralarim tug‘ilganda shokka tushib qolganman. 27 haftalik bo‘lishganda kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘dirib olindi. Taroziga qo‘yilganda esa ikkalasi atigi 1 kg 600 gr chiqdi. Bu vazndagi bolani katta qilish juda qiyin”, deydi qizaloqlarning buvisi Xatira Primova.
Jurnalistning nima uchun aynan O‘zbekistonda operatsiya qilishga qaror qilgani haqidagi savoliga esa bolalarning buvisi quyidagicha javob berdi:
“Qirg‘izistonda bunday operatsiyalarni amalga oshiruvchi shifokorlar yo‘q ekan. Buni surishtirdik. Ular hatto, rossiyalik shifokorlar ham nabiralarimni operatsiya qilishni istamaganini aytdi. O‘zimiz asli o‘zbek bo‘lganimiz uchun, o‘zbeklarning mehribon ekanini bilardik. Shuning uchun kuyovim internet orqali shifokor Baxtiyor Berdialiyevichni topdi. Shu tariqa u bilan gaplashib, maslahatlashib O‘zbekistonga keldik.”
Biroq, Xatira Primova agar bolalarni operatsiya qiladigan shifokor topilmaganida ham nabiralarinidan yuz o‘girmasligi, ularni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, katta qilmoqchi bo‘lganini ko‘z yoshlar bilan aytib berdi.
“Bilasizmi, men ularni shu holda ko‘rish uchun kechalari uxlamay duo qilib chiqqanman. Ular katta bo‘lsa, ikkalasi ham shifokor bo‘ladi, O‘zbekistonda o‘qiydi, deb niyat qilganman. Elga-yurtga xizmat qiladigan jarroh qizlar bo‘ladi hali, mana ko‘rasiz”, deydi onaxon faxr bilan.
Ma’lumot uchun, siam egizaklari tanasining ma’lum bir qismi birlashgan holda tug‘iladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan bo‘lishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yo‘li bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki a’zolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.
Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati o‘lik holatda dunyoga keladi. Tirik tug‘ilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi uzoq umr ko‘rish baxtidan benasib bo‘ladi.
“Ular menga murojaat qilganida bolalar taxminan 1,5-2 oylik edi. Men ularning suratini ko‘rib, MSKT va MRT tekshiruvlaridan o‘tkazish kerakligini tavsiya qildim. Biroq bolalarning ota-onasi bunga imkon yo‘qligini aytgach, o‘zim onlayn ravishda konsultatsiya berib bordim. Chunki bolalarni operatsiya qilish uchun ma’lum yoshga to‘lishi kerak edi. Eng optimal muddat bolaning 5 yoki 7 oylikkacha bo‘lgan davri. Shundan so‘ng 2022 yilning oktyabr oyida O‘zbekistonga, Respublika perinatal markaziga taklif qildim. O‘zimiz to‘liq tekshiruvdan o‘tkazdik, natijada ularda siam egizaklarining anfolapak turi, ya’ni qorin qismi orqali bir-biriga bog‘langani va jigar organlari bir-biri bilan chap bo‘laklar orqali bitishgani aniqlandi. Har ikkala chaqaloqning jigari alohida o‘t pufagi va o‘t yo‘llariga ega va boshqa a’zolari ham alohida joylashganini ko‘rdik”, deydi operatsiya tashabbusi bilan chiqqan shifokor, bolalar jarrohi Baxtiyor Ergashev.
Uning aytishicha, chaqaloqlardan birining ichki a’zolari – taloq, jigar organlari teskari joylashgan va jigarni ikkiga bo‘lish esa operatsiyaning eng qiyin nuqtasi bo‘lgan. Chunki jigar qonga eng boy a’zo bo‘lib, ko‘p qon ketishi chaqaloqlarning vafotiga ham olib kelishi mumkin edi.
“Men bu murakkab operatsiyani o‘z zimmamga olmasligim va ularga boshqa mamlakatga borishni tavsiya etishim mumkin edi. Lekin bizdagi salohiyat bu operatsiyani amalga oshirish uchun yetadi, degan fikrga keldim va operatsiyani aynan shu markazda o‘tkazish taklifini rahbariyatga bildirdim”, dedi u.
Operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tishi, qizaloqlarning tirik qolishida faqat shifokorlarning emas, o‘zbek xalqining ham yordami katta! Ular qirg‘izistonlik millatdoshlariga moliyaviy tomondan ko‘mak berib turgan. Operatsiyaning umumiy narxi esa 10 mln so‘mga tushgan.
“Qanchadan qancha o‘zbekistonlik odamlar yordamga keldi. Yangi yil oldidan ularga sovg‘alar berildi. Ularning o‘zbeklarda bunday yaxshi odamlar ko‘pligidan hayron. O‘ylaymanki, bu O‘zbekistondan Qirg‘iziston uchun juda katta tuhfa”, deya yordam berganlarga o‘z tashakkurini aytdi shifokor.
Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha O‘zbekistonda bu turdagi amaliyot faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan.
LiveBarchasi