“Bu tubdan chirigan tizim”. La Liga rahbari Infantinoni tanqid qildi

Sport

image

Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebas FIFA prezidenti Janni Infantinoni keskin tanqid qildi. Uning fikricha, Infantino o‘z lavozimini tark etishi kerak. Bu haqda Tebas “La Gazzetta dello Sport” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Xaver Tebas Infantinoga qarshi fikr bildirgan bo‘lsa-da, uning yaqin vaqt ichida iste’foga chiqishiga ishonmasligini aytdi.

“Menimcha, uning davri tugadi. Biroq u tizim va milliy federatsiyalarning qo‘llab-quvvatloviga ega, shuning uchun vaziyatni o‘zgartirish oson emas. Unga qarshi munosib nomzod ham yo‘q, chunki hech kim faqat mag‘lub bo‘lish uchun saylovda qatnashishni istamaydi”, deydi Tebas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA’dagi boshqaruv tizimi jiddiy muammolarga duch kelgan.

“Bu tubdan chirigan tizim. Infantino hokimiyatda qolmasligi kerak, ammo hozirgi sharoitda u ketmaydi. So‘nggi kunlarda ko‘plab odamlar Infantinoga qarshi fikr bildirishini eshitdim. Ular uning qarorlarini qo‘llab-quvvatlamaydi, ammo amalda hech narsa qilmaydi. Bilmadim, qaysi biri yomonroq – jim turishmi yoki bunday tizimga sherik bo‘lishmi. Chunki jim qolganlar ham futbolga yetkazilayotgan zararni yaxshi tushunishadi”, deydi La Liga rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinoni BMT Bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing