Bu tik turib o‘lmoq. Yoxud biz qanday havodan nafas olyapmiz?
Olam
−
27 Oktabr 2020
11522Pandemiya sabab dunyo bo‘yicha atmosfera ifloslanishi sezilarli darajada pasaydi. Zavod va fabrikalar to‘xtadi, mashinalar harakati cheklandi, odamlar uyda qoldi. Kun kelib virus chekinadi. Odatiy hayot tarziga qaytiladi. Ammo haqiqiy muammo o‘shanda boshlanadi. “Global karantin” davrida singan iqtisodiyot qayta tiklashni talab qiladi. Asosiy e’tibor ishlab chiqarishga qaratiladi. Iqtisodiy inqiroz sabab atrof-muhit muhofazasiga yetarlicha mablag‘ ajratilmaydi. Havoning ifloslanishi hozirgidanda ortib ketadi. Xo‘sh, bu shunchalik qo‘rqinchlimi?
Mutaxassislarning fikricha, inson salomatligiga ta’sir etuvchi omillarning 20-25 foizi atrof-muhit bilan bog‘liq. Dunyo miqyosida 15 yoshgacha bo‘lgan 1,8 milliard bolaning qariyb 93 foizi ifloslangan havodan nafas olmoqda. Iflos havodan kasallangan bolalarning har o‘ndan biri hayotdan ko‘z yumadi.
Ifloslangan havo nevrologik, xotira susayishi, astma va bolalik saratoni kabi kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, o‘smirlarda surunkali yurak qon-tomir yetishmovchiligiga ham toza havoning tanqisligi aybdor. Birgina 2016 yil o‘tkir nafas yo‘llari infeksiyasidan olti yuz ming bola hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. JSST Onkologik kasalliklarni o‘rganish Xalqaro agentligi taqdim etgan xisobotda havoning ifloslanishi saraton kasalligining asosiy sababchisi ekani aytiladi.
Biz yashab turgan kurrai zamin boqiy emas. Alloh yaratgan har bir ne’mat bir kun poyoniga yetadi. Undan oqilona foydalanish esa o‘zimizga bog‘liq. Tirik jon borki, uning yashab ketishi suv va havo bilan. Shu ikki ne’mat hayot zanjirini aylantiradi. Ammo insonlarning haddan ziyod ehtiyojlari ushbu muvozanatni buzishi mumkin. Keling raqamlarga e’tibor beraylik.
Sayyoramizda havoning ifloslanishi sabab har yili besh yarim milliondan ortiq odam vafot etadi. 2050 yilga borib bu raqam olti million kishidan ortishi ehtimoli bor. Iqtisodiy rivojlangan ammo aholi juda zich joylashgan Hindiston va Xitoy ushbu raqamlarning teng yarmini bo‘lib oladi. 2013 yil Xitoydagi bir million olti yuz ming, Hindistondagi bir yarim millionga yaqin, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 300 mingga yaqin kishining o‘limiga iflos havo sabab ekanligi aytiladi.
Toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj ham bugungi kunda global muammoga aylanib ulgurdi. Sayyoramizning 71 foizi suvliklardan iborat bo‘lsa-da, atigi 3 foizi iste’molga yaroqli ekanini unutmasligimiz kerak. Olimlarning izlanishlari shuni ko‘rsatdiki, tanamizda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning 80 foizi ichimlik suvi tanqisligidan kelib chiqadi. Aynan shu muammo sabab yer yuzida har 10-15 soniyada bir bola, bir kunda esa o‘rtacha 4500 bola bu yorug‘ dunyoni tark etishga majbur.
Aholi zich joylashgan shaharlarda tabiiyki avtomashinalar, sanoat fabrikalari, bir so‘z bilan aytganda havoga zarar yetkazadigan shart-sharoitlar yetarlicha topiladi. Uzoq yillar davomida o‘rmonlar kesilishi, qarovsiz qoldirilishi yoki e’tiborsizlik oqibatida kelib chiqadigan yong‘inlar vaziyat bugungi holiga kelib qolishiga sabab bo‘ldi. Eng achinarli jihadi kattalarning aybi evaziga bolalar javob berishga majbur. Gap shundaki, iflos havo oqibatida homilador ayollarning tez kasallanishi, erta tug‘ruq, yengil vaznli hamda, nogironligi bor chaqoloqlar ortib bormoqda.
O‘zbekistondagi ekologik muammolar haqida gap ketganda avvalo Orol fojiasi ko‘z o‘ngimizga keladi. Ammo bu hammasi emas. Ekotizmning buzulishi, tabiatga nisbatan qo‘pol munosabatlar bir kun o‘z so‘zini aytadi.
O‘zbekistonda aholi soni yil sayin ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida yangi sanoat korxonalari, ishlab chiqarish zonalari, avtomashinalar, uy-joy va kommunal xizmatlar faoliyatiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bugungi kunda yurtimizda 34439767 nafar fuqaro istiqomat qilmoqda.
O‘zbekistondagi ekotizim haqida bilish uchun so‘ngi o‘n yillikdagi atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar ro‘yxatiga nazar solsak, 2013 va 2015 yillardagi ko‘rsatkichlar ancha yuqoriligi ma’lum bo‘ladi. Bu juda yomon holat, aslida. 2018 – 2019 yillarda esa 950 ming tonnadan ziyod chiqindi moddalar atmosferaga chiqarilgan. O‘ylaymizki, O‘zbekiston Ekoligik partiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu muammolarni bartaraf etish yo‘llarini izlamoqda.
Kundalik hayotimizda tez-tez uchrab turadigan holatlardan biri daraxt barglari, shox shabbalarni bamaylixotir yoqib yuboramiz. O‘ylab ko‘ring siz atmosferaga chiqarayotgan mana shu arzimas tutunlar yig‘ilib katta “balo” bo‘lishi mumkin. Ibratni avvalo o‘zimizdan boshlaylik. Zero, biz ifloslantirgan havodan farzandlarimiz ham nafas oladi.
Karim Zaripov