Suvi toza mamlakatlar qatorida O‘zbekiston bormi?

Bu qiziq

image

Toza ichimlik suvi bilan bog‘liq global muammo bugun har qachongidanda dolzarb. Yer sayyorasi umumiy uyimiz. Aslida u insoniyatga birdek xizmat qilishi kerak. Ammo odamzod sabab bu tenglik muvozanati buzilgan. Birgina toza ichimlik suvidan foydalanish borasidagi notenglik bilan tanishsak. Dunyoning ko‘pgina davlatlarida odamlar bir tomchi ichimlik suviga muhtoj. Jon saqlash uchun suv izlab haftalab uydan chiqib ketadiganlar bor. 

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, keyingi yuz yilda dunyoda suv iste’moli 7 foizga oshgan bo‘lib, bu har bir inson uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan ichimlik suvining hajmi 60 foizga qisqarganini ko‘rsatadi. Kelgusi 25 yil ichida esa suv zaxiralari yana ikki marotabaga kamayish ehtimoli mavjud.

Singapur suvni qayta ishlash borasida muvaffaqiyatga erishgan. Masalan, Singapur – Malakka yarim orolining janubida joylashgan kichik mamlakat. 2003 yilda mamlakatda suvni qayta ishlash bo‘yicha birinchi tashkilot – NEWATER ish boshlagan. Unda tozalash uskunalari va suvni tayyorlash statsiyalari mavjud: bu yerda aholi va korxonalardan oqava suvlar keladi va tozalanadi.

Rezervuar (tahr. suv zaxirasi uchun maxsus katta sig‘imli idish)ga kelib tushishdan avval oqava suv tozalashning mikrofiltratsiya, ultrabinafsha bilan zararsizlantirish kabi bir necha qo‘shimcha darajalaridan o‘tadi. Zavod faoliyati davomida Singapur xukumati 65 ming turli xil testlar o‘tkazgan. JSST esa bu suvni barcha standartlarga to‘g‘ri kelishini e’tirof etgan.

Namibiya – suvni qayta ishlashning yana bir muvaffaqiyatli misoli. Afrikaning eng qurg‘oqchil mamlakatida suv muammosi deyarli yarim asr avval hal etilgan. 1969 yilda respublikadagi eng yirik shahar – Vindxukda shunday zavod qurilgan. Zavod fuqarolarning ichimlik suviga bo‘lgan 35% talabini qondiradi va suv iste’moli tufayli kasalliklar yuzaga kelishi qayd etilmagan. Vindxukdagi 35% suv qayta ishlanadi.

Shveysariya nafaqat shokoladi, banklari va soatlari, balki suv resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bilan ham mashhur. Oqimlarni tozalash texnologiyasi, ichimlik suvi sifati va pestitsidlarni qo‘llashdan voz kechish bo‘yicha eng yuqori ballarga ega.

Shvetsiya esa ikkinchi o‘rinni egallagan. Bu skandinaviya mamlakatining kuchli tomonlari quyidagilar – karbonat angidrid gazi tashlamasining minimalligi, toza havoni saqlash va toza ichimlik suvi. Shvedlar tabiat muhofazasi, jumladan, o‘rmonlar, daryo va ko‘llarga katta e’tibor qaratishadi va shu sababli ularda suv muammosi yo‘q.

Norvegiya Shvetsiya bilan bir xil ball to‘pladi. Yer usti suv manbalari, havo sifati, oqimlarni tozalash uslublari bo‘yicha yaxshi natijalar ko‘rsatgan. Bundan tashqari, mamlakatdagi elektrning 98% gidroyelektrostansiyalardan olinadi.

Finlyandiya – to‘rtinchi o‘rinda. Bu mamlakatda ko‘llar juda qadrlanadi va muhofaza qilinadi. Suv sifati ham yuqori darajada. Bundan tashqari, finlar dengiz resurslariga va qishloq xo‘jaligi oqimlarini tozalashga alohida e’tibor qaratadilar.

Kosta-Rika suvi eng toza mamlakatlar qatoriga bejiz kiritilmagan. Mamlakatda deyarli barcha oqimlar qayta ishlanadi, ishlab chiqarish esa borgan sari ekologik usullarga o‘tib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, dengiz resurslariga yanada ko‘proq e’tibor berishlari kerak.

Avstriya – oltinchi o‘rinda. Mamlakatda oqimlarni tozalash va ichimlik suvi sifati ko‘ngildagidek. Qishloq xo‘jaligi va suv ob’ektlarini muhofaza qilish borasida ham ishlar yaxshi. Lekin shunday bo‘lsa ham bu mamlakat reytingning birinchi beshtaligiga kira olmadi.

Yangi Zelandiya karbonat angidrid gazi tashlamalari va dengiz hududlarini muhofaza qilish borasida ish olib bormoqda. Mazkur mamlakat oqimlarni tozalash, ichimlik suvini tayyorlash va havo tozaligi bo‘yicha a’lo natijalarga erishgan.

Latviya bu reytingda Yangi Zelandiyadan bor-yo‘g‘i 0,1 ball orqada! Oqimlarni tozalash va ichimlik suvini tayyorlash, shuningdek suv manbalariga tushadigan yuklama bo‘yicha yaxshi natijalarni qayd etgan. Lekin dengiz hududlari muhofazasi bo‘yicha ishlar yanada takomillashtirilishi kerak.

Kolumbiya ichimlik suvini tayyorlashda ilg‘or va qayta ishlanmagan oqimlarni deyarli tashlab yubormaydi. Mamlakat ekologiya sohasiga kerakli mablag‘larni qahva va gul yetishtirish orqali oladi. Shunga qaramay, kolumbiyaliklar atrof-muhitga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

Ro‘yxatga Fransiya yakun yasaydi. Ularning ichimlik suvi toza, oqava suvlarni tozalash darajasi esa 100% ga yaqin. Lekin shunga qaramay bioxilma-xillik, dengiz qo‘riqxona hududini tashkil etish va dengiz resurslarini muhofaza qilish borasida hali bir qator ishlar amalga oshirilishi kerak.

Markaziy Osiyo qumliklarida joylashgan O‘zbekiston ham suv muammosidan xoli emas. Mamlakatda qishloq xo‘jaligidagi yerlarning katta qismi sug‘orma dehqonchilikka asoslanadi va bunda O‘zbekiston transchegaraviy ahamiyatga ega bo‘lgan Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolarining suvining katta qismini iste’mol qiladi. 

Agar 1990 yilgacha O‘zbekiston turli maqsadlar uchun ishlatilatgan suv 64 milliard kubni tashkil etgan bo‘lsa, 2008 yilda bu ko‘rsatkich 51 milliardgacha qisqargan. 1985 yilgacha 1 gektar maydonni sug‘orish uchun 22,4 ming metr kub suv sarflangan bo‘lsa, zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish tufayli 2019 yilga kelib bu miqdor 5-10 ming metr kubgacha qisqardi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda toza suv ta’minoti 68 %ni tashkil etmoqda. Mamlakatdagi 11 mingdan ortiq qishloqlarda toza suv yo‘q. 38 % suv tarmoqlari avariya holatida.

Unutmang siz shunchaki, oqizib yuboradigan suv qayerdadir, kimningdir yashashi uchun juda zarur.

Maqola Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshiralayotgan UzWaterAware loyihasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Karim ZARIPOV


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing