“Bu millatning kitob o‘qimasligi kimga kerak?” – 28 yashar nashriyot rahbari bilan suhbat
Intervyu
−
14 mart 2020
37640Kitob o‘qish – inson tafakkurining ozuqasidir. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqlarida bir necha ta’kidlagan.
“Kitob o‘qigan, o‘zini ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor. Mana nima uchun kitob o‘qinglar deymiz. Kitob o‘qisangiz savol berishni bilasiz”, degan edi davlat rahbari.
Prezident tomonidan kitob mutolasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida buni targ‘ib qilish lozimligi haqida ko‘p bora aytildi, aytilmoqda. Davlat rahbari tomonidan Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning bittasi aynan kitobxonlikka qaratilgan bo‘lib, u yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Ammo, davlat rahbarining topshiriqlari, qabul qilinayotgan hujjatlar, otashli nutqlarning amaliy natijasi qanday? Amalda ham bu talablarga javob beradigan qonunlar ishlayaptimi?
Xabaringiz bor, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi normalari joriy yil 1 aprelidan boshlab kuchga kiradi. Unda kitob sanoati ijtimoiy jihatidan dolzarb va strategik soha bo‘lishiga qaramay, boshqa bizneslar qatori soliqqa tortilishi belgilanmoqda.
QALAMPIR.UZ mavzuning dolzarbligi bois ushbu masala yuzasidan tegishli mutaxassislar bilan intervyular tashkil qilishni boshladi.
Bu safargi suhbatdoshimiz “Davr press” nashriyot-matbaa uyi asoschilaridan biri Doniyorxon To‘raxonov bo‘ldi.
NOQONUNIY “KONTRAFAKT”CHILAR
— Ayni vaqtda mamlakatimizda kitob sanoati qay holatda?
— Prezident Shavkat Mirziyoyev e’tibor qaratgandan so‘ng, soha ikki qadam oldinga ketdi. Buni tan olish kerak, albatta. O‘zbek tilidagi badiiy-adabiy kitob bazasiga 100ga yaqin yangi kitoblar qo‘shildi. Odamlarda qandaydir uyg‘onish bo‘ldi. Odamlarda “Kitob turganda nega men bolalarimga mashina olib berishim, to‘yini qilib berishim, eng zo‘r kiyimlarni olib berishim kerak? Avvalo, ularga ilm berish kerak-ku”, degan fikr paydo bo‘ldi. Lekin, ishonch bilan ayta olamanki, natija Prezidentimiz xohlagan darajada emas.
Kitob sanoatida muammolar juda ko‘p. Qiynaydigan masalalardan biri – o‘zbek kitob bazasi. Tarixan olib qaraganda bizda kitob boyligi juda buyukdir. Afsuski, faqat o‘sha bazadan foydalanamiz. Yangi baza yo‘q. Tohir Malik, Abdulla Oripov kabi ko‘p yozuvchilar bilan gaplashganman... Hozirgi yosh yozuvchilar bilan gaplashganda so‘raymiz: “Qanday asar yozgansiz?”. Lotin Amerikasida bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha detektiv asar yozganini aytadi. Gonorar va boshqa masalalarda kelishamiz. Muammo boshlanadi. Kitoblarni tarqatishdagi mexanizmlarda muammoga duch kelamiz. Kitobxon ko‘p bo‘lsa, kitob sotib foyda olasiz. Foydani yozuvchi va nashriyot ko‘radi, odatda. Nashriyot tushgan mablag‘ga yangi loyihalarni amalga oshiradi. Siz bozorga yangi kitob chiqarsangiz, ba’zi gaplar quloqqa chalinishni boshlaydi: “falonchi joyda o‘sha kitobni arzonroq narxda ko‘rdik”.
Har bir kitobni bosib chiqarishda o‘z standartlari bo‘ladi. Shu bo‘yicha chiqarsangiz, o‘ziga yarasha mablag‘ talab qiladi. Bu kitob narxiga ta’sir qiladi. Ba’zi noqonuniy faoliyat yurituvchi “kontrafaktchi”lar o‘g‘rincha kitobni bosib chiqarmoqda. Tabiiyki, xarajat qilmagani uchun bu ularga arzonga tushmoqda va kitoblari ham arzon sotilmoqda.
MUALLIFLIK HUQUQINING HIMOYASIZLIGI
Kitob sanoati tadbirkori Doniyorxon To‘raxonov kitob savdosida intellektual mulk himoyasi talab darajasida emasligini aytmoqda.
— Kontrafakt holatlarga duch kelsak, bu haqda tegishli huquqni muxofaza qiluvchi organlarga murojaat qilamiz. Ular ma’lum muddatda ko‘rib chiqib, qonuniy javob berishini aytishadi. Bu chuqur ma’noli gap – “qonuniy ko‘rib chiqamiz”. So‘ngra, qonunbuzarlik isbotlanmagani aytiladi. Chunki, qonunchilikda bu masalada aniq mexanizm ishlab chiqilmagan.
Nashriyotlarni haq-huquqini himoya qiladigan platforma shakllanmagan. Agar birorta bosmaxonada qalbaki pul bosilayotgani aniqlansa, darrovda chorasi ko‘riladi. Intellektual mulk bo‘yicha kitob bosuvchilar huquqi buzilsa, bunga jiddiy e’tibor berilmaydi. Achinarli holat. Mutasaddilar shikoyatingizni chiroyli qilib qaytarib yuborishadi. Bitta murojaatimiz bilan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti shug‘ullanyapti. Rahmat ularga. Biz hamma ma’lumotni o‘zimiz taqdim etyapmiz. 1,7 milliard so‘mlik loyihadan 1,2 milliard so‘m zarar ko‘rganmiz.
NASHRIYOTLARNING ASL HOLATI
— Mamlakatda nashriyotlar holati qanday?
— Masalan, Tojikistondan oldindamiz. Ular Turkiyadan nashr qilib olib kelishadi. Qirg‘izistonda esa hamma nashriyotlar bankrot holatida, chunki Xitoydan arzon narxda kitoblar kirib kelmoqda. Rossiyada 2008 yilda 3-4 ming atrofida kitob do‘kon bo‘lgan. Ruslar juda katta kitob bazasiga ega. Agar ularning kitoblarini bir yo‘lakka tersak, 100 kilometrdan ortadi. Bu Ginness rekordlar kitobida qayd etilgan. Lekin soha 2016 yildan boshlab Rossiyada uch marta qisqargan. Sabab: soliqlar, kitob sanoatiga bo‘lgan imtiyozlar yo‘q qilinishi, yuqoridagi “kontrafaktchi”lar... O‘tgan yil hisobiga ruslar 55 milliard rubl zarar ko‘rgan. Hozirgi vaqtda Rossiya hukumati qat’iy choralar ko‘rmoqda. Kitob do‘konlari uchun ajratilgan yerlarga soliq imtiyozlari, ijara haqiga imtiyozlar berilgan. Bu Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan alohida ta’kidlandi. Odamlar yig‘iladigan ijtimoiy hududlarda kitob do‘koni bo‘lishi shart qilib belgilandi.
Agar dorixonalar ko‘p bo‘lsa, kasallar ko‘p bo‘ladi. Agar kitob do‘kon ko‘p bo‘lsa, kitobxonlar soni ortadi. Olam shunday mexanizm bilan yaratilgan. Odam kitob o‘qisa, ruhiyati shakllanadi. Kitob miyadagi ishlamagan to‘qimalarni ishlatadi. Bitta kitobni o‘qib ma’nan ozuqa olsa, u odam olimga teng. Chunki, u endi to‘xtamaydi.
Bizda nashriyotlar yangi kitob nashr qilishga qo‘rqadi. Bitta muallif kitobi turli nashriyotlarda turlicha ko‘rinishda chiqadi. Aytaylik, bitta kitobni tarjima qildingiz va u uchun mutasaddi vazirlikdan ruxsat olishingizning o‘zi alohida muammo. “Asaxiy.uz” elektron savdo do‘koni bor. Shu yigitlarga rahmat. “1984” nomli kitobni tarjima qilishdi, bosib chiqarishdi. Kitob bazasi bitta kitobga boyidi. O‘ylaymanki, hamma nashriyotlar shunday harakat qilsa, 3 yilda o‘zbek kitob bazasi 2 mingdan ortadi.
QQSNI YARATGANLARDA HAM KITOBGA SOLIQ YO‘Q
— Yangi Soliq kodeksida kitob sanoatiga imtiyoz berilmagan. 1 apreldan bu joriy qilinadi. Bu soliq tartibi tufayli bizni kelajakda nimalar kutmoqda?
— Jahon tajribasidan andoza olayotganimiz bizni xursand qiladi, albatta. Lekin achinarli tomoni, o‘sha QQS tizimi bilan ishlaydigan va shu tizimni yaratgan davlatlarda ham kitob sanoatiga soliq yo‘q. Kitob savdosi, ya’ni kitob do‘koni, bosmaxonalar, nashriyotlar ishlashi – bu ijtimoiy soha. Bunday davlatlarda, aksincha, kitob savdosi milliy madaniyat darajasiga olib chiqilgan. Chunki bu jamiyatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri onggiga ta’sir qiladigan soha.
Kitob savdosida taalluqli hamma soliqlarni olib tashlash kerak. Hattoki, aynan kitob ishlab chiqarish uchun zarur xomashyolarga ham imtiyozlar belgilanishi kerak. Kitob bozorini prognoz qiladigan bo‘lsak, kitob narxlari oshadi. Agar bizga aqlli jamiyat kerak bo‘lsa, bu qilayotgan ishimiz o‘z maqsadimizga zid. Bu o‘zi biznesdir balki, lekin mohiyati ijtimoiy soha hisoblanadi.
QQS qo‘yilganidan so‘ng, ko‘pchilik noqonuniy kitob bosishga o‘tib ketishi mumkin. Chunki, bitta kitob bosuvchi uskunada qancha kitob bosayotganini hisoblab chiqishning iloji yo‘q-ku. Bu sohaga soliq bo‘yicha imtiyoz berilishi uchun mexanizm ishlab chiqilishi kerak. Bu esa qo‘shimcha ish. Osongina soliq solib qo‘ya qolishgan. Prezidentimiz amalga oshirayotgan islohotlarni ayrim joylardagi amaldorlar orqaga tortyapti.
Tahririyat: Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev kitob mavzusiga ko‘p bora to‘xtalgan va yaratilgan sharoitlar talab darajasida emasligini aytib tanqid qilgan.
Shu holatlarni hisobga olib, Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddi vazirlik va uyushmalarga “Kitob karvoni” loyihasi doirasida badiiy, ma’rifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda yetkazib berish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Shundan so‘ng, davlatning yuqori mulozimlari orasida #kitobchallenge boshlandi. Bosh vazirdan tortib, agentlik rahbarlari, bo‘lim boshliqlarigacha o‘zi o‘qigan maktabga borib, kutubxonaga kitob taqdim etish boshlandi. Ammo, bu ham uzoqqa bormadi.
Kitob tarqatish, kitobxonlikni targ‘ib qilish ijobiy holatdir. Biroq, kitobning soni kam bo‘lsa va narxi baland bo‘lsa, qanday qilib odamlar, yoshlar kitobxonligini oshirishda maqtana olamiz? Kitob savdosiga kuchli jamiyatga ega, rivojlangan davlatlarda ham soliq imtiyozlari berilgan vaqtda, nega biz Yangi O‘zbekiston davrida aholi ongiga bolta urishimiz kerak?
LiveBarchasi