Kitobda Cobalt urib yuborgan o‘quvchi vafot etdi (video)
3-sahifa
−
15 Oktabr 2025 8870 2 daqiqa
Kecha, 14 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida Cobalt katta tezlikda o‘zidan oldindagi mashinani quvib o‘tishga urinib, yo‘l chetida maktabdan qaytayotgan 9-sinf o‘quvchisini urib yubordi. Hodisa oqibatida o‘quvchi vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Manbaning bildirishicha, ushbu hodisa ortidan bola og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borilgan. Biroq bugun, 15 oktyabr kuni soat 10:00-11:00 lar atrofida uning vafot etgani haqida xabar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ham munosabat bildirdi. Lekin unda bolaning vafoti haqida ma’lumot berilmagan.
Xususan, Qashqadaryo YHXBga ko‘ra, kecha, 14 oktyabr kuni soat 12:00 larda Kitob tumani “Narimon” MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatdagi 70V004 (4K273) “Kitob-Palandaraq-Narimon” avtomobil yo‘lining 21-kilometrida Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi “Narimon-Kitob” yo‘nalishida ketayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan avtomobilni quvib o‘tish maqsadida qarama-qarshi yo‘lga chiqqan. Oqibatda rul boshqaruvini yo‘qotib, piyodani urib yuborgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
“Piyoda tan jarohati olib tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida Nexia-3 rusumli avtomobil haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan ikki nafar maktab o‘quvchisini urib ketgan edi. YTH oqibatida voyaga yetmagan piyoda N.I. chap oyog‘idan jarohat olgan va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filialiga yotqizilgan. Ikkinchi piyoda N.Ya. esa xech qanday tan jarohati olmagan.