Toshkentda 24/7 formatda faoliyat yuritadigan “Kitob ko‘chasi” tashkil etiladi

Jamiyat

image

Poytaxtdagi “Moviy gumbazlar” xiyoboni hududida “Kitob ko‘chasi” tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 279-sonli qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Sharof Rashidov shoh ko‘chasida joylashgan “Moviy gumbazlar” xiyoboni hududida 24 soat davomida, tunu kun faoliyat yuritadigan “Kitob ko‘chasi” tashkil etiladi.

Loyiha doirasida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tartibga keltirgan holda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, ochiq maydonda turli madaniy-ma’rifiy va ommaviy tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorda loyihani 2026 yil dekabr oyiga qadar amalga oshirish rejalashtirilgan. Mas’ul tashkilotlar etib esa Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur qarorga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash, yashillik darajasini oshirish va atmosfera havosining me’yordan ortiq ifloslanishining oldini olish maqsadida tanlangan 310 gektar yer maydoni Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratilishi xabar qilingandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing