Bu qo‘limizdan keladi – Komilov Afg‘onistonga tinchlik va’da qildi
Jamiyat
−
08 iyul 2019
6210Samarqandda Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va muxolifat (Tolibon) o‘rtasida diolog tashkil etiladi. Ushbu o‘ta muhim uchrashuv haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, Afg‘oniston masalasi faqatgina Afg‘onistonning o‘ziga yoki bizning mintaqamizga tegishli masala emas. Bu juda katta xalqaro muammo. Global muammo, desak ham bo‘ladi. Shuning uchun bunda buyuk davlatlarning roli katta. AQSH, Xitoy, Rossiya, bundan tashqari, o‘zimizning mintaqamizdan katta davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari 40 yildan keyin Afg‘onistonga tinchlik va barqarorlikni olib kelishga birgalikda harakat qilamiz. Bu qo‘limizdan keladi deb ishonaman”, deydi Abdulaziz Komilov.
2018 yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani ham ishtirok etgan edi.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” harakati Afg‘oniston janubi-g‘arbida muqim o‘rnashgan bo‘lib, asosan tarkibi mamlakatdagi pushtun qabilalariga mansub a’zolardan tashkil topgan.
Hukumatdan o‘rin talab qilayotgan “Tolibon” bugunga qadar Afg‘onistonning ichkarisida ko‘plab qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirib kelmoqda. Eng e’tiborli jihati shuki, ushbu harakat Hibbatulloh Ohundzoda boshchiligida mamlakatning 60 foiz hududida faoliyat olib boradi.
LiveBarchasi