“Bu ish ortida katta kuchlar turibdi”. Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati bilan suhbat (video)

Intervyu

Xabaringiz bor, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi. 

U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi. 

Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
 
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdik.

Ushbu suhbatning videosini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

"Bu ish ortida katta kuchlar turibdi". Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati bilan suhbat

Xushnud Axrorov, advokat: — Prezidentimiz o‘z siyosatlari avvalida  Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan, Sud- huquq tizimini isloh qilish va huquqiy demokratik davlat qurishni alohida ta’kidlab o‘tganlar. Afsuski, bugungi kunda ham, ayrim eski illatlar, muammoli vaziyatlarga duch kelmoqdamiz. 

Jumladan, himoyam ostidagi Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan sun’iy ravishda topilgan ayblovlar va tekshiruvlar bunga asos bo‘lmoqda. Bu ham yetmagandek, Chirchiq shahar prokurori bilan bo‘lgan intervyu bugungi kunda dolzarb va muammoli vaziyatlarni holisona yoritayotgan  “QALAMPIR.UZ” sayti orqali e’lon qilindi. Va ular tomonidan sodir etmagan jinoyatlarda ayblash harakatini amalga oshirish maqsadida chiqishlar qilindi. Ammo, JPKning 23-moddasiga asosan, hech kim sudning qonuniy qarori kuchga kirmagunga qadar aybdor deb hisoblanmaydi. 

Bu jinoyat ishidagi faoliyatimni Guljahon Yo‘ldoshevaning himoya vazifasini amalga oshirishni, uning yaqin qarindoshlari bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 12 sentyabr kunidan boshlab amalga oshira boshladim. Tergovchi Nurmatov oldiga borib, menga qadar himoyam ostidagi shaxs Guljahon Yo‘ldosheva bilan o‘tkazgan protsessual harakatlardan nusxalar oldim. G.Yo‘ldosheva bilan holi uchrashish huquqiga ega bo‘lganim uchun Chirchiq shahrida joylashgan Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga borib, chamasi 1soat 30 daqiqa davomida ayblanuvchi bilan suhbatda bo‘ldim. Va o‘tgan holatlar, bunga sabab bo‘lgan vaziyat haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Birinchi navbatda, Guljahon Yo‘ldoshevaning shifokorlik faoliyatiga to‘xtalib o‘tsangiz. Sog‘liqni saqlash bo‘limining ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi COVID kasalliklari uchun mo‘ljallanmagan, lekin G.Yo‘ldosheva tomonidan 15 mart kuni karantin e’lon qilingan va shifoxona 16 martdan e’tiboran yopilgan.Ular bu vaziyatni qanday izohlayaptilar? 

X.A: — Guljahon Yo‘ldosheva Toshkent viloyati bosh infeksionisti lavozimida ishlagan. Qanday qilib, Toshkent viloyati miqyosidagi shifoxona COVID-19 kasalligiga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin?

Kuni kecha ular bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, viloyat boshqarmasi boshlig‘i tomonidan, yigirma ikki tadan ziyod COVID ga qarshi kurashish uchun kasalxonalar moslashtirilgan bo‘lsada,  Toshkent viloyati bo‘yicha, uch ta yoki to‘rt ta COVID ga qarshi kurashish kasalxonalari faoliyat yuritgan. Shu sababli, COVID xastaligi keng ko‘lamda Toshkent viloyati miqyosida tarqalib ketishi kuzatilgan. G.Yo‘ldoshevaning so‘zlariga ko‘ra,Toshkent viloyati SSB boshlig‘i infeksionist-virusolog emas.

F.N.: — Shu o‘rinda aytib o‘tishim zarurki, 2020 yil 26 martdagi 79-sonli buyruq bilan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Provizor sifatida ya’ni, COVID kasalligiga gumonda bo‘lgan shaxslarni davolash uchun mo‘ljallangan shifoxona etib belgilangan. Bu ma’lumotni Toshkent viloyati SSB birinchi o‘rinbosari Nizom Xayrullayev taqdim etdilar.

X.A.: — Shu o‘rinda, Toshkent viloyati SSB birinchi o‘rinbosari Nizom Xayrullayev qaysi shifoxona COVID kasalligiga mo‘ljallanganligini aytsalar tahsinga sazovor ish bo‘lar edi. Tor mutaxassisliklarga ega bo‘lgan xodimlar bilan ta’minlangan, sakson ish o‘ringa ega viloyat miqyosidagi kasalxona provizor bo‘lsa, bemorlarni qaysi shifoxonaga jo‘natish buyruqda ko‘rsatilsa, yaxshi bo‘lar edi. Bu buyruq haqida himoyam ostidagi Guljahon Yo‘ldosheva menga xabar bergani yo‘q.

F.N.: — Bizdagi yana bir ma’lumotga ko‘ra, Guljahon Yo‘ldosheva shifoxonaga 17 martdan boshlab to iyul oyining o‘rtalariga qadar kelmagan. Tashqaridan turib nazorat olib borganlar va maosh olganlar. Bu haqda nima deya olasiz?

X.A.: — Bu yolg‘on xabardan boshqa narsa emas!Hozir Rustamov Farruxning o‘limida aybsiz ayblanib qolayotgan video tasvirni taqdim etdim. Guljahon Yo‘ldoshevaning shaxsan o‘zlari marhum Rustamovni ko‘rikdan o‘tkazganlar. Aynan shifoxonada yelkama-yelka faoliyat olib borgan. Bu haqda hamkasblaridan ham so‘rash va aniqlik kiritish mumkin.SSB tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni nomaqbul dalil sifatida baho beraman. Bu ma’lumotni Yo‘ldoshevaga nisbatan quruq tuhmat deb bilaman. 

Yana shuni aytib o‘tish kerak, agar ular shifoxonaga bormay maosh olgan bo‘lsalar, o‘zlari COVID -19 ga chalinib 27 avgustdan 4 sentyabrga qadar Respublika taqsimlash markazida davolanganlar. U yerdan chiqib Virusologiya institutiga yo‘llanma berilgan. Bu video tasvirda ko‘rinib turibdi.  Rustamovda esa,nafas olish apparati bo‘lmagan. Chirchiq shahar prokurori intervyusida, nafas olish apparatini olib tashlagani va Ruhiy- asab kasalliklari-dispanseriga jo‘natgani aytilgan. Bu yolg‘ondan boshqa narsa emas, negaki Rustamovni kasallik tarixiga nazar tashlasak, 1 avgust kuni shifokor, Rahmonov Shonazar Guljahon Yo‘ldoshevaning shifoxonada bo‘lmagan vaqtida, tez tibbiy yordam mashinasida uni Ruhiy-asab kasalliklari-dispanseriga yuborgan. Rustamov maxsus avtomashinada emas, balki  Ruhiy-asab kasalliklari-dispanseridan maxsus avtomashina chaqirilib, tibbiyot xodimlari bilan, tinchlantiruvchi xalat yordamida olib borilishi kerak edi. Tez tibbiy yordami mashinasida yuborilishining o‘zi uyushtirilayotgan harakat deb bilaman. Bu harakatlarda Guljahon Yo‘ldoshevaning ishtiroki yo‘q.

F.N.: — Yuqorida aytib o‘tdingiz, Rustamov qo‘llari bog‘langan xolda borishi kerak deb, nega qo‘llari bog‘langan va nazoratda borishi kerak yoki Guljahon Yo‘ldosheva Rustamovda ruhiy zo‘riqish yuqori ekanini aytganmidi?. Umuman olganda nega u Ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi kerak?
 
X.A.: — Yo‘q! Rutamovni Ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishiga Guljahon Yo‘ldosheva qarshi bo‘lganlar, Yularning o‘zlari ta’kidlashicha, agar o‘tkazish lozim bo‘lsa ham, yuqorida aytilgan shaklda o‘tkazilishi lozim edi. Rustamovning Ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishini qat’iyan man etganlar. Bu ularning so‘roq bayonnomalarida ham aks etgan. Rahmonovdan nima sababdan o‘zboshimchalik bilan Rustamovni Ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazgani haqida so‘ralganda, buni sababini Toshkent viloyati SSB tomonidan telefon orqali berilgan og‘zaki buyruq asosida qilganini aytgan.

F.N.: —  Shu o‘rinda yana bir savol paydo bo‘ladi, Guljahon Yo‘ldoshevaning marhum Rustamovni ko‘chirilishi haqida xabarlari yo‘q ekan. Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori Feruza Shonosirovaning aytishlariga qaraganda esa, Guljahon Yo‘ldosheva Feruza Shonosirovaga qo‘ng‘iroq qilib Rustamovni Ruhiy -asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazish kerakligi haqida aytganlar. Nima uchun ularni gapi bir joydan chiqmayapti?

X.A.: — Bu masala yuzasidan himoyam ostidagi Yo‘ldosheva bilan suhbatlashdim. Feruza Abdullayevna bilan suhbatda bo‘lganlari, lekin bemorni shifoxonaga o‘tkazish masalasida emas, balki maslahat masalasida qo‘ng‘iroq qilganliklari, tor mutaxassis yuborilishi kerak ekanligi haqida gaplashganlarini aytdilar. Marhum Rustamovning kasallik tarixida Yo‘ldoshevaning birorta imzosi yo‘q. Rustamov Farrux shifoxonaga yotqizilishi bilan, u ishlagan shifoxonadan ikkita reanimator shifokorlar ularni davolash uchun yo‘naltirilgan. Barcha muolajalar aynan shu shifokorlar tomonidan olib borilgan. Ular J.Ziyodullayev va A.Agzamovlardir. Bu ikki shifokor Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida reanimator shifokor va reanimatsiya bo‘limi yo‘qligi sababli, Rustamovning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun boshqarma tomonidan aynan shu shifokorlar yo‘naltirilgan. Feruza Abdullayevnaning bunday intervyu berishlari haqida esa ularni orasidagi bo‘lgan muloqotni tekshirish qiyin emas. Qachon, qaysi telefon raqami orqali suhbat qilganlarini qo‘ng‘iroqlar tarixi orqali bilish  mumkin. 

O‘ylaymanki, ularning bunday intervyu berib chiqish qilishlari ortida qandaydir kuchlar turibdi. 

Ochiq aytadigan bo‘lsam, Prezidentga yo‘llangan shikoyatda ham ko‘rsatib o‘tganman. Dastlabki tergov bir tomonlama, ya’ni himoyam ostidagi Yo‘ldoshevani ayblash yo‘sinida olib borilganligini, JPKning 22-23-moddasi talablariga zid ravishda amalga oshirilganligi, aynan shu ma’lumotlar va kasallik tarixi tergov organida mavjud bo‘lsada, yana hibsga olinganliklarini  ko‘rishimiz mumkin. JPK ning 76 moddasi 3-qismiga asosan Toshkent viloyati Chirchiq shahar prokuraturasi va Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlarini o‘tkazishga rad javobini berdik. Buning sababi esa, ularga nisbatan asosli shubhalarimiz borligidadir. 

Men ushbu holatdan Prezidentni xabardor etish maqsadida ularning nomlariga shikoyat bilan murojaat qildim. Buning asosiy sababi 2019 yil aynan himoyam ostidagi shaxs faoliyat olib borgan shifoxonaga o‘n mlrd so‘m mablag‘ ta’mirlash va jihozlash uchun ajratilgan. Afsuski, Toshkent viloyati SSB boshlig‘i Orziqulov To‘raqul Sodiqovich tomonidan ushbu mablag‘lar o‘ttiz ta o‘ringa mo‘ljallangan Olmaliq shahar shifoxonasi bo‘limini ta’mirlash uchun yo‘naltirilgan. Bu ham yetmaganidek, qo‘shimcha uch mlrd so‘m miqdordagi davlat mablag‘i sarflanadi. Bu ma’lumotlar Guljahon Yo‘ldosheva tomonidan ochiqlandi. Aynan shu ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihaga imzo chekish kerak bo‘lganda Yo‘ldosheva bundan bosh tortganlar. “Olmaliq kon metallurgiya kombinati tomonidan berilgan ixtiyoriy pullar Olmaliq shifoxonasiga yo‘naltirilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”- degan takliflariga javoban, Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ketma-ket, moliyaviy xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar amalga oshirishgan. Eng so‘ngi tekshiruv 2019 yil sentyabr oyida Vazirlar mahkamasi va SSV tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu tekshiruvlardan so‘ng Shifoxona faoliyatiga yaxshi baho berilib, ularni rag‘batlantirish fikri berilsada, dekabr oyida SSB tomonidan takror tekshiruv amalga oshiriladi. Buni ostida esa g‘araz maqsadlar yotganini ko‘rishimiz mumkin. 14 iyul kuni SSB tomonidan  “O‘YINDAN CHIQ”, deb Yo‘ldoshevaga aytiladi. Buni qanday tushunish mumkin?    

F.N.: — Shu haqda batafsil aytib bersangiz, kim qayerga chaqirgan va qanday o‘yindan chiqish kerakligi aytilgan?

X.A.: — Bu haqda menga himoyam ostidagi G.Yo‘ldosheva Chirchiq shahridagi vaqtincha ushlab turish tergov hibsxonasida bo‘lgan suhbatda aytdi. U 2020 yilning 14 -17 iyul kunlari, SSB boshlig‘i tomonidan, chaqirtirilib o‘z ixtiyori bilan o‘yindan chiqishi kerakligi aytilgan. Shunda G.Yo‘ldosheva: “Qanday o‘yindan chiqaman? Men o‘z xodimlarimni tashlab ketolmayman!”- deb javob bergan. SSB boshlig‘i “Meni ortimda shunday qudratli shaxslar borki, ilgari ham viloyatimda sendek ishlagan va menga  qarshi chiqqanlarni qamoqda chiritganman”-deb aytgan. “Bu gapning  mazmunini endi bu yerda o‘tirib tushundim”, deb aytdi Yo‘ldosheva. Shu sababli, ayblanuvchi Yo‘ldosheva ovqat yeyishga ham qo‘rqayotgani va uni zaharlab qo‘yishlari mumkinligini ta’kidladi.

F.N.: — Yuqorida ham aytib o‘tdingiz, Rustamovni Toshkent viloyati ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga yuborgan bosh shifokor Yo‘ldosheva emasligini. Lekin bir bemorning bir shifoxonadan boshqa shifoxonaga olib o‘tishda nahotki bosh shifokorning xabari bo‘lmagan?

X.A.: — Bosh shifokorning xabari bo‘lishi lozim, lekin ularga xabar berilmagan. Yuqorida aytganimdek, Yo‘ldosheva shifoxonaga kelib Rustamovning boshqa shifoxonaga yuborilganini bilgach, o‘z e’tirozlarini keltirgan. Himoyam ostidagi Yo‘ldosheva suhbat chog‘ida yana shuni aytib o‘tdilarki, Rustamovni olib ketayotgan Tez tibbiy yordam mashinasi haydovchi yarim yo‘lda to‘xtab, uni Ruhiy -asab kasalliklari dispanseriga olib bormasligini aytgan, lekin unga SSB mansabdorlari qo‘ng‘iroq qilib, talab qilishgan. Bu ko‘rsatmalar qanday qilib tergov organi nazaridan chetda qolishi mumkin?

F.N.: — Siz bu haydovchi bilan suhbatda bo‘ldingizmi?

X.A.: — Yo‘q.

F.N.: — Nima sababdan?

X.A.: — Men uni kim ekanligini aniqlay olmadim. Lekin buni himoyam ostidagi Yo‘ldosheva kasalxonada yotgan vaqtlarida aniqlagan ekanlar. Yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan yuborilganda ham, oddiy shifokor yo‘llanmasi bilan, maxsus avtomashinasiz, ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga qabul qilmasliglari mumkin edi. Og‘zaki ravishdagi xulosa bilan qabul qilish noto‘g‘ri. Bulardan ko‘rinib turibdiki, ushbu harakatlar Yo‘ldoshevani asossiz ayblash va uni jamiyatdan ajratish uchun qilinyapti.

F.N.: — Rustamovni Ruhiy -asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazishdan kimga qanday foyda bor?

X.A.: — Bu narsa menga qorong‘i, lekin tergovchi bilan bo‘lgan suhbatda ham marhum Rustamovga shifokorlar muolajalarni belgilaganlarida ushbu dori vositalari, muolajalar unga tegishlicha ta’sir ko‘rsatmayotganligi aytilgan. Rustamovga uning turmush o‘rtog‘i uydan dori vositalar olib kelgani haqida aytildi. Bu narsa shubha tug‘diradi, bu ularni davolash uchun mehnat safariga kelgan shifokorlar va Rustamovni oila a’zolari o‘rtasidagi qorong‘ilik. Bu voqeaga ham dastlabki tergov organi baho bermasdan. Aybi bo‘lgan ishtirokchilarni nazardan chetda qolib ketmoqda. Bahona sifatida esa tergov organidan bo‘yin tovlaganlari aytilmoqda. Aytib o‘tganimdek ular kasalxonada bo‘lganlar.

F.N.: — SSB birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan bo‘lgan suhbatda, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi, SSV dan psixotrop dori vositalarini olish uchun, litsenziyaga ega emasliklari, SSB tomonidan litsenziya olishlari qayta va qayta aytilsada Guljaxon Yo‘ldosheva bunga e’tibor bermaganlari aytilgan.

X.A.: — Bu borada Yo‘ldosheva bilan suxbatlashganimda, ular ish faoliyatini boshlagach, psixotrop dori vositalarni saqlash uchun seyf o‘rnatganliklarini, panjarali, xona ajratib ikkiga bo‘linganligi va sharoit yaratilganligini aytishlariga qaramay, boshqarma tomonidan litsenziya olish uchun tegishli harakatlar amalga oshirilmaganligi, Yo‘ldosheva tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarga to‘sqinlik qilganligining yaqqol misoli deb aytish mumkin. 

Guljahon Yo‘ldosheva oltita farzandning onasi, kichigi ikki yoshda. Sud tomonidan belgilangan jazo, agar ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo bo‘lsa, kichik farzandi uch yoshga kirmagan onani jazosi kechiktiriladi. 

Bizning holatda hali aybi isbotlanmay turib COVID bilan endi xastalanib chiqib, reabilitatsiya jarayonida bo‘lgan ayolni zudlik bilan hibsga olinishi, sun’iy ayblovlar qo‘yilishi, jumladan 260 mln miqdordagi pullarni talon-taroj qilinganlik holatiga baho beradigan bo‘lsak, haqiqatdan chetdagi holat. Yoki 6 foiz qo‘shimcha esa, bu davlat tomonidan berilayotgan pullardir. Ushbu ustamani ortiqcha olgan taqdirimizda ham qaytaramiz degan istak tibbiyot xodimlari tomonidan bildirilgan. 

Kasallik bilan kurashgan shifokorlarga berilgan 6 foiz ustamani moddiy zarar deb aytilishining o‘zi ham haqiqatdan yiroq. Nafaqat himoyam ostidagi balki ko‘plab boshqa shifoxona shifokorlariga ham pullar to‘lanmagan. Ko‘plab shifokorlar SSB mansabdorlarining harakatidan norozi.

F.N.: — Biz Chirchiq shahar prokurori bilan intervyuni e’lon qilganimizdan so‘ng, “QALAMPIR.UZ” ga qo‘ng‘iroq qilib ushbu intervyudan norozi ekanligingizni bildirdingiz. Nima asosida prokurordan va prokuratura olib borayotgan harakatdan norozisiz?

X.A.: — Prokuror himoyam ostidagi ayblanuvchi sodir etgan harakatlaridan pushaymonda ekanligi va aybiga iqrorligini bildirganligi haqida qayd qilib o‘tdilar. Vaholanki, haqiqiy holat bundan yiroq. Prokuratura organi qonunchilikni nazorat qiluvchi organ bo‘lib faqatgina qonun doirasida o‘z faoliyatini amalga oshirishi va baho berishi lozim. Yuqorida qayd qilganimdek, sudni qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘lmagunga qadar hech kim aybdor hisoblanmasada, ular o‘zlari aybiga iqrorligini bildirganligi haqida gapirganlari hech qanday qolibga sig‘maydi. 

F.N.: — Hozir Guljahon Yo‘ldoshevaga qamoqqa olish ehtiyot chorasi belgilangan... 

X.A.: — Hozirda G. Yo‘ldosheva Zangiota tumanida joylashgan Tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanmoqdalar.

F.N.: — Ularga nisbatan qandaydir tazyiqlar bo‘lganmi? Ya’ni mana shu narsani men qilganman deb aytasiz, mana shu ishni bajarganingizni aytishingiz kerak. Yoki shunga o‘xshash gap so‘zlar bo‘lganmi?

X.A.: — Bu narsa bo‘lgan desam yolg‘on bo‘ladi. Bu narsa haqida menga Yo‘ldosheva ma’lumot bermadilar. Bunday holatlar bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Bunday holatlar bo‘lmagan.

F.N.: — Prokuror bilan bo‘lgan intervyuda o‘zingiz ham guvohi bo‘ldingiz. Nima uchun hibsga olish ehtiyoj chorasi qo‘llanilganligi haqida ma’lumot berganlarida, ular tergovdan qochganlarini aytishgan.  Ya’ni yashirindi degan ma’noda so‘z yuritildi. Bu qanchalik to‘g‘ri ular haqiqatdan ham, tergov jarayonida yashirindilarmi?

X.A.: — Ular SOVID-19 ga chalingan bo‘lganlari sababli mehnatga layoqatsiz hisoblanadi. Bunday holatda tergov organining so‘roq qilishga ham haqqi yo‘q! Yo‘ldosheva SOVID bilan kasallangan, ikkinchi tomondan Toshkent shahridagi Yunusobod tumanida joylashgan UZEXPO markaziga yotgan va 4 sentyabrdan 7 sentyabriga qadar virusologiya institutida davolandilar. Bularning barchasi  mutaxassis xulosasi bilan ko‘rsatilgan. 8 sentabr kunidan uyga chiqib sochlarini bo‘yayotgan vaqtlarida qo‘lga olingan. Qanday qilib bunday holatda tergov organidan yashiringan deya baho berish mumkin? Savoldan savol tug‘iladi. Ularning javobidan savol tug‘iladi va ular chiqishi bilan to‘liq sog‘aymagan bemorni hibsga olishgan.

Yana ta’kidlayman,  “Oyni etak bilan to‘sib bo‘lmaydi” albatta, shu sababli haqiqatni yashirish maqsadida prokuror tomonidan ushbu ko‘rsatmalar berilgan. 

F.N.: — Rustamovni shifoxonaga yuborgan shifokor,  ularni olib borgan haydovchi... Yana ko‘plab guvohlar bilan tergov jarayonida Prokuratura tomonidan guvohlik olindimikan? Yoki yuzlashtirishlar bo‘ldimi? 

X.A.: — Yo‘q. Bu haqida ma’lumotga ega emasman, toki, jinoyat protsessual kodeksi talablariga asosan himoyachi faqatgina o‘zini himoyasi ostidagi shaxs tomonidan unga qadar olib borilgan protsessual harakatlar bilan tanishishga haqli va tergov organi tomonidan kimlar jalb qilingan, qilinmagani haqidagi voqif emasman. 

Ammo, yuqorida ko‘rsatganimdek bosh prokuror Rahmatilla To‘lqinovich nomiga xat bilan 76-moddaning 3-qismiga asosan, xolislik va beg‘arazlik asosli shubhalar mavjud ekanligiga sabablar keltirganman. 

Ularni jo‘natgan shifokor Ro‘zmetov Shonazar ekanligini aytganimda ularda barcha ma’lumotlar bor ekganligini ammo yana o‘zlarini fikrida qolib, Guljahon Yo‘ldosheva tergovdan yashiringanligi haqida ma’lum qildilar. Ya’ni barcha, hozirda ma’lum qilinayotgan holatlar tergov organiga ma’lum bo‘lsada, asosiy sababchilari dastlabki tergov tomonidan tegishlicha javobgarlikka tortilmay guvoh tariqasida so‘roq qilib kelmoqdalar va barcha ayblovlar “ZO’R TV” va sizning saytingiz orqali Yo‘ldosheva aybdorligi va aybiga iqrorligi haqida ma’lum qilindi.

O‘ylaymanki, bu holatlar barchasi hurmatli Prezidentimiz nazarlariga tushadi va tegishlicha maxsus komissiya tayinlanadi. Bu holatlarga chek qo‘yiladi degan umiddaman. Adolat qaror topadi.

F.N.: — Bizda e’lon qilingan intervyudan tashqari, himoyangizdagi Guljahon Yo‘ldosheva tomonlaridan sizga biz bilmagan qanday yana haqiqatlar aytildi? 

X.A.: — So‘nggi marotaba kuni-kecha ham ular bilan uchrashdim. Ammo, hozir COVID– 19 karantin tadbirlari sababli himoyam ostidagi tomonidan yozib berilgan qo‘l yozmalarni olish imkoniyatiga ega emasman. Ular o‘z husnixatlari bilan yozgan varaqlarni ko‘rsatdilar. Lekin, men tanishish imkoniyatidan mahrumman. Oynadan telefon orqali suhbatlashyapmiz, ularning juda  ko‘p ma’lumotlari bor. 

F.N.: — Biz aytayotgan bosh infeksionist shifoxonada ko‘p miqdordagi antibiotik dori vositalarini saqlagani, va hozirgi kunda ko‘plarga zarur bo‘lgan dori vositasini muddati o‘tgani aytildi. Yana shuni aytish kerak SSB tomonidan tashkil etilgan konferensiyalarda dori taqsimotlarida qatnashmay turib, biroz vaqt o‘tgach dori kerakligini aytib iddao qilganlari aytildi. Bu haqda nima deya olasiz?

X.A.: — Muddati o‘tgan dori vositalari haqidagi savolni kutayotgan edim. Biz bilamiz ko‘plab Jang usullari bor, SSB tomonidan barcha jang usullari qo‘llanilmoqda. Siz aytgan dori vositalari SSB tomonidan Pulmonologiyaga berilgan, u yerda dorilarni muddati o‘tgach, boshqarmadan dori vositalarini olib ketishni aytishgan. Dorilarni muddati o‘tishida Yo‘ldoshevani aloqasi yo‘q. 

F.N.: — Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining boshqa shifokorlari bilan suhbatda bo‘ldingizmi?

X.A.: — Suhbatda bo‘ldim. Ular hozir, haqiqatni talab qilib, o‘z xodimlari uchun mukofot pulini berishni, bemorlarga kerakli moslamalar talab qilib aybdor bo‘lib qolgan shifokorning qismati ularda ham takrorlanmasligidan qo‘rquvdalar. 

F.N.: — Yuqorida taqdim etgan video lavhada ko‘rish mumkin, bemorda sun’iy nafas olish apparati bo‘lmagan. Shaxsan o‘zingiz ham Prokuror tomonidan sun’iy nafas olish apparati olib tashlangan deb aytilgan gap yolg‘on deb keltirib o‘tingiz.  Nega og‘ir ahvoldagi bemorda sun’iy nafas olish apparati bo‘lmagan?

X.A.: — Yo‘ldoshevaning menga ma’lum qilishlariga qaraganda, sun’iy nafas olish apparatiga zarurat bo‘lmagan. Haqiqatni gapirish uchun Yo‘ldosheva hibsda, qolganlar esa atrofida aylanib yurishibdi. 

F.N.: — Kadr ortiga suhbatlashganimizda, hech kim Rustamovni vafotiga e’tibor qaratmayotgan edi, Yo‘ldoshevaning murojaatlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindiyu, Rustamovni o‘limi birinchi o‘ringa chiqib qoldi, deb aytib o‘tingiz. Shunga to‘xtalib o‘tsangiz. 

X.A.: — Bu borada Guljahon Yo‘ldosheva menga shunday bayon qidilar, marhum Rustamov 2 avgustda vafot etgan. Yo‘ldosheva esa 9 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilganlar. Lekin Rustamiovning uzoq qarindoshlari tomonidan aynan shu video chiqqanidan so‘ng ya’ni 10 avgust kuni Yo‘ldoshevaning ustidan ariza yozgan. Odam vafotidan so‘ng, prokuratura tergov oldi surishtiruv o‘tkazadi. Marhumni ekspertiza qilish mumkin edi-ku.  Har bir o‘lim qayd etiladi, ayniqsa u Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida vafot etgan bo‘lsa. Video murojaatdan so‘ng prokuraturaga Rustamovni singlisi, erining ukasi, ya’ni Rusatmovning singlisining qayni ukasi ariza bilan muojaat qilgan. 

Yana shuni aytish mumkinki, 2020 yilning 10 avgust kuni arizachi SSB ga borgani G‘ofur aka bilan uchrashgani, o‘z navbatida Nizom Xayrullayevich bilan suhbatda bo‘lib, ular birgalikda To‘raqul Sodiqovich qabuliga kirib ariza yozgani haqida Yo‘ldosheva tomonidan qo‘lyozma shaklida keltirgan. Bunga qanday baho berish mumkin? Albatta, bu ishlarga chek qo‘yiladi degan umiddaman.

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi, O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi, Korrupsiya va iqtisodiyotni tergov qilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilganda, haqiqatdan ham Farrux Rustamovning o‘limida kim sababchi ekani, pul mablag‘lari o‘zlashtirilganmi yoki yo‘q, barchasiga aniqlik kiritilgan bo‘lar edi. Bundan tashqari SSB tomonidan qanchadan-qancha byudjet mablag‘lari talon taroj qilinganligi aniqlangan bo‘lar edi. Ishonamanki, bularni barchasi Bosh prokuratura tomonidan surishtiriladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Guljahon Yo'ldosheva

Baholaganlar

241

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing