Bu bola bizning urug‘dan emas – Sherali Jo‘rayevning ukasi
Intervyu
−
25 aprel
133557Bir necha yildan buyon xonanda Botir Qodirov O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekani haqida gaplar yuradi. Buni qarangki, bu gaplar Sherali Jo‘rayev vafotidan keyin ham tinmadi. Shu yilning fevral oyi boshlarida Botir Qodirov onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida, otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Mazkur ish 15 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sudya O‘tanboyeva tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Biroq javobgar (Zohirshoh Jo‘rayev) vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Shunday qilib, birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan.
Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov bilan Botir Sheraliyevich Qodirovning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.
QALAMPIR.UZ ushbu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan bog‘landi. Buni qarangki, u Botir Qodirov bilan amaki-jiyan ekanini aniqlash uchun DNK tekshiruvi o‘tkazilganini rad etmoqda.
Abdurahmon Ergashev, muxbir – Bir necha yil avval Botir Qodirov bilan birga "amaki-jiyan" ekaningizni aniqlash uchun DNK analizi topshirgan ekansiz. Shu haqda ma’lumot bera olasizmi?
Halim Nurmatov (Sherali Jo‘rayevning ukasi) – Men hech qanday DNK testiga bormaganman. Botir Qodirov bizga qarashli odam emas. Men aynan DNKga test topshirganimni eslay olmayman. Lekin ko‘zimni davolatamiz deb shifoxonaga olib borishgan. Ko‘zimdan bir-ikki narsa oldi. Nimaga olganini bilmayman. Bu bola bizning urug‘dan emas. Agar u bizning jiyanimiz bo‘lganda, shuncha vaqtdan beri bir marta ham xabar olmasmidi?
Bizda "Otang bor uyning tomiga chiqma", degan qonun-qoida bor. Bir paytlari biz Botir Qodirovni juda yaxshi ko‘rib yurardik. Agar Sherali Jo‘rayev uning otasi bo‘lganida, hozirgi gaplar bo‘lmasdi. Hamma Sher akani yomonlayapti. U ham qarshi tomonda qo‘shilishib gapirmoqda. Kim otasini yomonlasa, indamay qo‘shiladi? Demak, uning otasi emas. Demak, u mol-dunyogami, nimagadir intilib otam deyapti. Unga ota ham kerak emas.
A.E.: — Bundan 30 yillar oldin Andijondagi to‘yda Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanini aytgansiz.
H.N.: — Men unday demaganman. Andijonliklar shunday deb yurar edi.
A.E.: — Siz Sherali Jo‘rayevning ukasi sifatida Sheraliyevich Botir Qodirovni haqiqatdan ham akangizning o‘g‘li ekaniga guvohlik berasizmi?
H.N.: — Yo‘q. Uning o‘g‘li emas. Sher aka “u mening o‘g‘lim emas bu, haromidan bo‘lgan bu”, degan videosi ham bor kerak bo‘lsa. O‘shanda biz ham Sherali Jo‘rayev bilan birga to‘yda xizmatda edik. Sherali Jo‘rayev tan olmasa, men qanday uning o‘g‘li deya olaman. Men Botir Qodirovni besh yoshida ko‘rganman. Uning xolasi bor, o‘sha bilan birga ko‘rganman. Agar Sherali Jo‘rayev butun olamga “bu mening o‘g‘lim emas”, deb aytmaganida edi, Sher akaning o‘g‘li ekan degan bo‘lar edik. Agar o‘sha vaqtlardan odamlar orasida “bu Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li”, degan gap bo‘lmaganda, Sher akaning nomi bo‘lmaganida, bu bola mashhur ham bo‘lmas edi. Aqli bo‘lganida, sudma-sud yugurmasdan qo‘shiq aytib yuraverish kerak edi.
A.E.: — Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Shohjaxon va Zohirshoh Jo‘rayevlar Botir Qodirovning onasining sha’niga yomon gaplar aytgan. Qodirov ham onasining nomini oqlash maqsadida haqiqatdan ham Jo‘rayevning farzandi ekanini da’vo qilib, sudga murojaat qilgan.
H.N.: — Botir Qodirovning onasi yomon ayol emasdi. Qodirov Sherali Jo‘rayevning o‘g‘limi yo‘qmi, uni Sher akaning o‘zi biladi.
Ma’lumot uchun, sudga Yangiyo‘l tuman FHDYO bo‘limi tomonidan Botir Qodirovning 2008 yil 26 fevralda familiyasini “Jo‘rayev”dan “Qodirov”ga, otasining ismini “Sherali o‘g‘li”dan “Sheraliyevich”ga o‘zgartirilgani haqidagi hujjatlar taqdim etilgan.
Shuningdek, Botir Qodirov Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini bildirgan.
LiveBarchasi