Bu hali holva – Erdo‘g‘an Suriya va Iroqqa hujumlar haqida

Olam

image

Suriya va Iroqdagi terrorchilarga berilayotgan havo hujumlari faqat boshlanishi. Bu haqda bugun, 23 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bayonot berdi. 

“Suriya va Iroqdagi terrorchilarga qarshi havo hujumlari faqat boshlanishi. Chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlashga hech qachon bunchalik jiddiy munosabatda bo‘lmaganmiz. Operatsiyani biz uchun eng qulay vaqtda boshlaymiz. Suriya va Iroqdagi ma’muriyat o‘zini xavf ostida his qilmasligi kerak. Biz bu davlatlarning hududiy yaxlitligini ta’minlash niyatidamiz”, deydi u parlamentdagi chiqishi chog‘ida. 

Shuningdek, uning qayd etishicha, Turkiya Suriya shimolidan kelib chiqadigan xavfsizlik masalalarini o‘z xohishiga ko‘ra hal qilish huquqiga ega.  

“Turkiya mamlakatimizga qarshi uyushtirilgan hujumlarda ishtirok etgan terrorchilarni ham mamlakat ichida, ham xorijda qo‘lga olish va jazolash huquqiga ega. Suriya shimolidagi muammolarimizni o‘zimiz hal qilish huquqiga egamiz”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar yangi transchegaraviy operatsiya boshlansa, Suriyaning Kobani, Manbij va Tell-Rifat shaharlar “terrorchilardan tozalanadi”. 

“Suriya bo‘yicha kelishuvlar ishtirokchilari o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun Turkiya milliy xavfsizlikka tahdidni o‘zi bartaraf etish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deydi Erdo‘g‘an.  

Erdo‘g‘anTurkiyaga transchegaraviy operatsiyalar yordamida xavfsiz koridorining bir qismini allaqachon shakllantirganini ma’lum qildi. 

“Qolganlarini bosqichma-bosqich hal qilamiz”, deydi u.

Turkiyaning operatsiyalari haqida

Turkiya 2017 yildan buyon Suriyaning shimoliy hududlarida uchta harbiy operatsiya o‘tkazdi – “Firat qalqoni”, “Zaytun novdasi” va “Tinchlik bulog‘i”. Natijada Halab shimolidagi Aazaz va Jerablus shaharlari orasida bufer xavfsizlik zonasi yaratildi, Afrin ishg‘ol qilindi, Furot daryosining sharqidagi chegara hududlari nazorat ostiga olindi. Turkiya Prezidenti 22 noyabr kuni Suriya shimolida Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) va Anqara tomonidan terrorchi deb tan olingan Xalq o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlariga qarshi yaqin kelajakda quruqlikdan transchegaraviy operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ma’lum qildi.  

Turkiyaning “Panjali qilich” havo operatsiyasi 20 noyabr kuni 50 dan ortiq samolyot va 20 ta dron ishtirokida boshlangan edi. Yerdan havo yordami artilleriya tomonidan ta’minlandi. Zarbalar KIP va uning Suriyadagi bo‘linmasi “Xalq o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari”ning bazalariga berilgan. Turkiya Mudofaa vazirligi Iroq shimolidagi Qandil, Asos, Xakurk hududlari bilan bir qatorda Suriya shimolidagi Arap-Pinari,  Tell Rifat, Jizre va Derik hududlarida operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ma’lum qildi. 

Turkiya matbuoti xabariga ko‘ra, Turkiyaning F-16 qiruvchi samolyotlari 21-22 noyabr kunlari Turkiya chegara shaharlari Suriya tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng Suriya hududlariga zarbalarni qayta boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an

Baholaganlar

63

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing