Bu hafta osmonni moviy oy yoritadi

Bu qiziq

image

Dunyo bo‘ylab millionlab osmon kuzatuvchilari shu hafta oxirida kam uchraydigan astronomik hodisalardan biri – “Moviy oy”ni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Nomiga qaramay, Oy aslida moviy rangga kirmaydi, biroq ushbu hodisa astronomiya ixlosmandlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, joriy yilning 31 may kuni yuz beradigan to‘lin oy kalendar bo‘yicha moviy oy hisoblanadi. Bunday hodisa bir kalendar oyida ikkita to‘lin oy kuzatilganda yuz beradi va u har ikki-uch yilda bir marta sodir bo‘ladi. Astronomik hisob-kitoblarga ko‘ra, moviy oy har 19 yil davomida o‘rtacha yetti marta kuzatiladi.

Oy fazalarining to‘liq aylanish davri 29,5 kunni tashkil etadi. Bu esa oddiy kalendar oyidan biroz qisqaroq bo‘lgani sababli ayrim hollarda bir oy ichida ikkita to‘lin oy paydo bo‘lishiga olib keladi. Ana shu ikkinchi to‘lin oy moviy oy deb ataladi.

Qiziqarli jihati shundaki, ba’zi yillarda ikki marta moviy oy kuzatilishi ham mumkin. Masalan, 2018 yilda yanvar va mart oylarida ikkitadan to‘lin oy qayd etilgan, fevral oyida esa umuman to‘lin oy bo‘lmagan. Astronomlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday holat keyingi safar 2037 yilda takrorlanadi.

Shuningdek, moviy oyning yana bir turi mavjud. U mavsumiy moviy oy deb ataladi. Odatda bir faslda uchta to‘lin oy kuzatiladi, biroq ayrim hollarda to‘rtta to‘lin oy sodir bo‘lishi mumkin. Shunda uchinchi to‘lin oy mavsumiy moviy oy sifatida qayd etiladi. Keyingi mavsumiy moviy oy 2027 yil 20 mayda kuzatilishi kutilmoqda.

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savollardan biri — Oy haqiqatan ham moviy rangda ko‘rinadimi? Olimlarning ta’kidlashicha, bunday bo‘lmaydi. Hodisa nomi faqat astronomik atama bo‘lib, Oy odatdagidek kumushrang yoki sarg‘ish tusda namoyon bo‘ladi. “moviy oy” iborasi XVI asrda juda kam uchraydigan yoki deyarli imkonsiz hodisalarni ifodalash uchun ishlatilgan. Keyinchalik bu atama astronomik hodisaga nisbatan qo‘llanila boshlagan.

Shunga qaramay, tarixda Oyning moviy tusga kirgani kuzatilgan holatlar ham bor. Masalan, 1883 yilda Indoneziyadagi Krakatau vulqonining kuchli otilishidan so‘ng atmosferaga tarqalgan ulkan miqdordagi chang va tutun zarralari sababli dunyoning ayrim hududlarida Oy moviy rangda ko‘ringani haqida ma’lumotlar mavjud.

Bu safargi moviy oy yana bir o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. U yilning eng uzoq to‘lin oyi – mikrooy sifatida ham qayd etiladi. Mikrooy Oy Yer atrofidagi orbitasining eng uzoq nuqtasiga yaqinlashgan paytda yuz beradi. Natijada Oy odatdagidan biroz kichikroq ko‘rinadi. Astronomlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 31 may kuni Oy Yerdan taxminan 406 ming kilometr uzoqlikda bo‘ladi. Taqqoslash uchun, Oy va Yer orasidagi o‘rtacha masofa 384 ming kilometrni tashkil etadi.

Shunga qaramay, inson ko‘zi bu farqni deyarli sezmaydi. Mutaxassislar Oy o‘lchamidagi taxminan 10 foizlik o‘zgarishni faqat tajribali kuzatuvchilar yoki maxsus taqqoslash usullari yordamida payqash mumkinligini ta’kidlamoqda.

Moviy oyni kuzatish uchun maxsus teleskop yoki astronomik uskunalar talab etilmaydi. To‘lin oy ochiq osmon sharoitida oddiy ko‘z bilan ham yaqqol ko‘rinadi. Astronomlar Oyni ufqdan ko‘tarilayotgan paytda kuzatish va suratga olishni tavsiya qilmoqda. Aynan shu vaqtda osmonning moviy tuslari bilan Oy nuri uyg‘unlashib, eng chiroyli manzarani hosil qiladi.

Amerika, Afrika va Yevropa qit’alarida yashovchilar Oyning eng yorqin holatini 30 may oqshomida kuzatishlari mumkin. Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiya aholisi uchun esa eng qulay vaqt 31 may kechasiga to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Dunyo moviy oy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing