Bruno Fernandesh Saudiyaning katta taklifini rad etganini tasdiqladi
Sport
−
25 Oktabr 2025 1642 2 daqiqa
“Manchester Yunayted” sardori Bruno Fernandesh yozgi transfer oynasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubidan tushgan katta taklifni rad etganini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, Yaqin Sharq jamoasi portugaliyalik yulduz uchun 80–100 million funt sterling to‘lashga tayyor bo‘lgan. Bu haqda “GB news” nashri xabar berdi.
31 yoshli yarim himoyachi “Manchester Yunayted”da qolish qarorini Premer-liga va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish orzusi bilan izohladi. U qaror qabul qilishdan avval turmush o‘rtog‘i Ana, shuningdek, sobiq jamoadoshi Krishtianu Ronaldu bilan ham maslahatlashgan.
“Men menejer bilan gaplashdim va u hali ham loyihaning muhim qismi ekanligimni aytdi. U qolishimni xohladi, klub ham xuddi shunday fikr bildirdi. Men har doim aytganman: agar klub Bruno, biz sizni kelajak rejamizda ko‘rmayapmiz, biroz daromad olishni xohlaymiz, desa, men buni tushunaman va o‘zim hamda oilam uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qilaman. Ammo hozircha bunday holat yo‘q. Men hanuzgacha jamoaning bir qismi ekanligimni his qilyapman va klubga belgilangan maqsadlarga erishishda yordam bera olishimga ishonaman”, dedi Fernandesh.
Fernandesh 2020 yil yanvarida “Sporting”dan 67,7 million funt evaziga “Manchester Yunayted”ga kelgan. Shu paytgacha u klub safida 100 ta gol urgan va 87 ta golli uzatma amalga oshirgan. Uning shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud.
Ma’lumot uchun, Buruno Fernandeshning bugun, 25 oktyabr kungi “Brayton”ga qarshi uchrashuvi klub tarkibidagi 300-uchrashuvi bo‘ladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.
Live
Barchasi