Britaniyaning yangi Hukumati tarkibi ma’lum bo‘ldi. Musulmon ayol IIV rahbarligini saqlab qoldi (video)
Olam
−
21 iyul 4913 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem yangi hukumat tarkibini taqdim etdi. Bu haqda Dauning-strit, 10-uydan ma’lum qilindi.
Tashqi ishlar vaziri lavozimini Ed Milibend, mudofaa vaziri lavozimini esa Ues Striting egalladi. Jon Xili moliya vaziri, Shabana Mahmud esa ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. To‘g‘riroq aytadigan bo‘lsa, 2025 yilda Starmer Hukumatida Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Shabana Mahmud ushbu lavozimni o‘zida saqlab qoldi.
1980 yilda tug‘ilgan Shabana Mahmud kelib chiqishi pokistonlik oilaga borib taqaladi. 2010 yildagi umumiy saylovlarda Birmingem Ledivud (Birmingham Ladywood) okrugidan Parlament jamoatlar palatasiga saylangan. U Roshanara Ali va Yasmin Qureshi bilan birga Britaniya parlamentiga saylangan birinchi musulmon ayol deputatlar triosiga kirdi.
Aleks Norris adliya vaziri, Ivett Kuper sog‘liqni saqlash vaziri, Pet Makfadden mehnat va pensiyalar vaziri, Jonatan Reynolds biznes, innovatsiyalar, fan va savdo vaziri, Lyusi Pauell esa ta’lim vaziri etib tasdiqlandi. Xeydi Aleksandr transport vaziri lavozimini saqlab qoldi.
Miatta Fanbulle energetika va uglerod neytralligi vaziri lavozimini egalladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vaziri lavozimi Anjela Iglga, Lankaster gersogligi kansleri (maxsus topshiriqlar bo‘yicha vazir) lavozimi Luiza Xeygga, uy-joy qurilishi, jamoalar va mahalliy hokimiyat organlari vaziri lavozimi esa Anjela Reynerga topshirildi. Raqamli texnologiyalar, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vaziri lavozimida Liza Nendi qoldi.
Kris Brayant yangi hukumatda Shimoliy Irlandiya ishlari bo‘yicha vazir, Stiven Kinnok esa Uels ishlari bo‘yicha vazir bo‘ldi. Duglas Aleksandr Shotlandiya ishlari bo‘yicha vazir bo‘lib qoldi. Alan Kempbell Britaniya parlamenti Jamoalar palatasi rahbari (hukumatning deputatlar bilan o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi) va Maxfiy kengash lord-raisi (qirol maslahatchilari organi) lavozimlarini, Anjela Smit esa Lordlar palatasi rahbarini saqlab qoldi. Jamoalar palatasida parlament partiya tashkilotchisi (bosh “qamchi”) Anneliz Midjli, Angliya va Uels Bosh prokurori (attorney) – Elli Rivz tayinlandi.
Bernem 20 iyul kuni tushdan keyin Bosh vazir lavozimini egalladi. U may oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan hukmron Leyboristlar partiyasi deputatlari bosimi ostida iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan Kir Starmerning o‘rnini egalladi.