Britaniyaliklar uylaridan chiqishga qo‘rqmoqda
Olam
−
01 may 2020
5530Bugun, 1 may kuni Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, cheklovlar olib tashlangandan so‘ng ko‘plab britaniyaliklar uylarini tark etishga shoshilmayapti. Bu haqda “Reuters“ nashri xabar berdi.
Buyuk Britaniyada 23 martdan beri qat’iy cheklovlar amal qilmoqda. Ammo kecha, 30 aprel kuni Bosh vazir Boris Jonson mamlakat pandemiya cho‘qqisidan o‘tgani va kelgusi haftada normal holatga qaytish uchun cheklovlarni asta-sekin yumshatishni boshlash rejasini tuzishga va’da berdi.
“Ipsos Mori“ tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, qatnashchilarning 60% dan ko‘prog‘i jamoat transportidan foydalanishda, bar va restoranlarga yoki sport tomoshalari kabi katta tadbirlarga borishda noqulaylik his qilishadi.
Shuningdek, so‘rovnomada qatnashganlarning 40% dan ko‘prog‘i hali ham do‘konlarga borishni yoki bolalarini maktabga yuborishni istamaydi. 30% dan ko‘prog‘i esa ish yoki do‘stlar bilan uchrashishdan qo‘rqishadi.
Tadqiqot ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, amerikaliklardan farqli ravishda britaniyaliklarning aksariyati karantin shartlariga rozi. Ular hukumat tomonidan buyurilgani uchun emas, balki virusni tarqatishni xohlamaganliklari uchun ushbu qarorga kelishgan.
“Bu juda xavotirli vaziyat. Buyuk Britaniyada odamlar ko‘chaga chiqishni xohlamaydilar“, deydi Kembrij universitetining statistikalar bo‘yicha mutaxassisi Devid Shpigelxalter.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keksalar va yolg‘iz odamlar o‘zlarini himoya qilish uchun ehtiyot bo‘la boshlashdi. Ammo yoshlarda bunday xavotir yo‘q. Chunki ular uchun xavf darajasi ancha past.
“Ko‘p odamlar, shubhasiz, virusni yuqtirish ehtimoli va yuqtirgandan so‘ng uning zarari haqida xavotirda“, deydi Shpigelxalter.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat aholini xabardor qilishi va aholini turli xavf toifalariga ajratishi kerak.
“Bizga xavf darajasi past odamlarni ko‘chaga chiqishini va imkoni boricha hayotga qaytishini rag‘batlantirish uchun qandaydir kampaniya kerak“ deydi mutaxassis.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirus bilan bog‘liq 171 253 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 26 771 nafari esa vafot etgan. Sog‘ayganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.
LiveBarchasi