Britaniyadagi bolalar maydonchasidan 180 ga yaqin bomba topildi
Olam
−
12 fevral 5316 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Nortamberlend shtatida joylashgan Vuler shaharchasidagi bolalar maydonchasidan Ikkinchi jahon urushi davriga oid 176 ta bomba topildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Nashrning ma’lum qilishicha, zaryadi hali tarqamagan bombalarning birinchisi joriy yilning yanvar oyida Nortamberlend shtatidagi Vuler shahrida topilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu hudud harbiylarning mashg‘ulot maydoni sifatida foydalanilgan va o‘q-dorilar urush oxirida ko‘mib yuborilgan. Bombalarni bolalar o‘yin maydonchasini rekonstruksiya qilayotgan ishchilar aniqlagan. Voqea joyiga zudlik bilan politsiya chaqirilib, hudud o‘rab olingan va qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish, shuningdek, bombalarni zararsizlantirish uchun mutaxassislar yetib kelgan.
“O‘q-dorilar xavfsiz utilizatsiya qilish uchun olib ketildi. Mahalliy hokimiyat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu bolalar maydonchasi joylashgan hudud avvallari o‘quv maydonchasi sifatida foydalanilgan”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, hududni tozalash ishlari davom etmoqda va mutaxassislar tez orada qo‘shimcha o‘q-dorilar, jumladan, granatalar, patronlar va boshqa xavfli narsalar topilishi mumkinligini rad etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Kyoln shahrida rasmiylar Ikkinchi jahon urushidan qolgan bir tonnalik Amerika bombasini portlatib, uning ikkita sigortasidan faqat bittasini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgandi. Shahar rasmiylarining ta’kidlashicha, bu 1945 yildan beri bomba yo‘q qilish bo‘yicha eng qiyin operatsiya bo‘lib, u topilgan joyga yaqin hududda bir nechta klinikalar joylashgan.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi