Britaniyada o‘pka saratoniga qarshi ilk emlash amalga oshirildi

Olam

image

Buyuk Britaniyada o‘pka saratoniga chalingan 67 yoshli londonlik erkak xalqaro sinov doirasida birinchi bo‘lib saratonga qarshi yangi vaksina oldi. Bu haqda “The Lancet” jurnali xabar berdi.

Britaniyaning haftalik umumiy tibbiy jurnali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki bosqichdagi tadqiqotlar immunoterapiya xavfsizligini va uni saratonning mavjud davolash usullari bilan birgalikda qo‘llash mumkinligini tekshiradi. Nemis biotexnologik kompaniyasi BioNTech tomonidan ishlab chiqarilgan BNT116 yangi vaksinasi o‘simtadan bemorning immun tizimiga markerlarni taqdim etish uchun messenjer RNK (mRNK)dan foydalanadi. Shuning uchun u o‘simta belgilarini olib yuruvchi saraton hujayralarini tanib oladi va ularga qarshi kurashadi.

O‘pka saratoni bilan og‘rigan bemor Yanush Raz Milliy sog‘liqni saqlash xizmati tomonidan London shifoxonasida yangi tadqiqot bo‘yicha saraton vaksinasini qabul qilgan ilk bemor bo‘ldi. Ilmiy sohada ishlaydigan odam sifatida u saraton kasalligini davolashning rivojlanishiga hissa qo‘shganidan mamnunligini bildirgan.

“Biz hozir o‘pka saratonini davolashni o‘rganish uchun mRNK’ga asoslangan immunoterapiya klinik sinovlarining juda muhim davriga kirmoqdamiz. Umid qilamizki, bu bizning kichik hujayrali bo‘lmagan o‘pka saratoni bemorlarimiz uchun ularning ahvolini yanada yaxshilash imkonini beradi”, degan London Universiteti shifoxonasining tibbiy onkologiya professori va tadqiqotning Buyuk Britaniya bo‘limi rahbari Ming Li.

Ma’lumot uchun, o‘pka saratoni butun dunyo bo‘ylab o‘limning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda. 2020 yilda taxminan 1,8 million kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya O'pka saratoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing