Britaniyada o‘quvchilarga telefondan foydalanish taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Buyuk Britaniya maktablarida o‘quvchilarning mobil telefonlardan foydalanishini to‘liq taqiqlash rejalashtirilmoqda. Rejaga ko‘ra, maktablar kun davomida butunlay “telefonsiz hudud” bo‘lishi kerak. Shuningdek, o‘qituvchilarga ham o‘quvchilar oldida telefon ishlatmaslik tavsiya etiladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Angliya Ta’lim vaziri Brijit Fillipson o‘tgan hafta hukumat tomonidan e’lon qilingan yangilangan ko‘rsatmalarni tushuntirish maqsadida maktablarga rasmiy xat yo‘llagan. Unda maktablar telefonlardan foydalanish bo‘yicha qoidalar barcha sinflarda va har doim bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlashi kerakligi ta’kidlangan. Vazir, shuningdek, ota-onalardan ham bu siyosatni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

Fillipsonning so‘zlariga ko‘ra, maktablarni tekshiruvchi Ofitset tashkiloti yangi qoidalar amalda qanday ishlayotganini nazorat qiladi. Fan, innovatsiya va texnologiyalar departamenti (DSIT) esa bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Yangilangan qo‘llanmada o‘quvchilar dars vaqtida, tanaffuslarda, tushlik paytida yoki darslar orasida o‘z mobil qurilmalaridan foydalanmasligi aniq belgilab qo‘yilgan.

DSIT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda boshlang‘ich maktablarning deyarli barchasida (99,9 foiz) va o‘rta maktablarning 90 foizida telefonlardan foydalanish bo‘yicha qoidalar mavjud. Shunga qaramay, o‘rta maktab o‘quvchilarining 58 foizi ayrim darslarda telefonlardan ruxsatsiz foydalanilganini bildirgan. Yuqori sinflarda bu ko‘rsatkich 65 foizga yetgan.

Mazkur tashabbus hukumat 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni Avstraliya tajribasi asosida cheklash masalasini muhokama qilayotgan bir paytda ilgari surilgan. Takliflar orasida raqamli rozilik yoshini oshirish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi qaramlikka olib keluvchi funksiyalarni cheklash bor.

Ma’lum qilinishicha, vazirlar dekabr oyida bunday taqiq kuchga kirgan Avstraliyaga tashrif buyuradi. Hukumat ota-onalar va yoshlarning fikrlarini o‘rganib, yoz oylarida yakuniy qarorini e’lon qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada 15 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya taqiq mobil telefon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing