Britaniyada Falastinni qo‘llovchi namoyishlarni tanqid qilgan vazir ishdan bo‘shatildi
Olam
−
13 noyabr 2023
7991Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Ichki ishlar vaziri Suella Bravermanni Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar chog‘ida politsiya harakatlarini tanqid qilgan maqola e’lon qilganidan so‘ng ishdan bo‘shatdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Aytilishicha, Sunak bugun, 13 noyabr kuni vazirlar mahkamasi tarkibidagi o‘zgarishlarni e’lon qilishni rejalashtirgan. Braverman o‘tgan hafta davomida ham muxolifat, ham hukmron Konservativ partiyadagi ba’zi siyosatchilar tomonidan qattiq tanqidga uchragan. Chunki u o‘tgan haftada “The Times” gazetasiga Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlarini "nafrat marshlari" deb ta’riflab, ularni Shimoliy Irlandiyadagi noroziliklar bilan qiyoslagan va politsiya bunday yurishlarga ruxsat berib, "chap qanot faollari bilan o‘ynaganini" aytgan edi.
Keyinroq Britaniya ommaviy axborot vositalari Braverman Dauning-strit ofisining maqolada Skotland-Yard haqida qo‘pol gaplarni ishlatmaslik haqidagi tavsiyalariga quloq solmagani haqida xabar berdi. Ichki ishlar vaziri London politsiyasi rahbari Mark Roulini jiddiy tartibsizliklar ehtimoli haqida razvedka ma’lumotlari yo‘qligi sababli 11 noyabr kuni Falastinni qo‘llab-quvvatlash marshini taqiqlamagani uchun tanqid qilgan.
Qayd etish joizki, Braverman o‘zining keskin bayonotlari uchun birinchi marta tanqid ostiga olinayotgani yo‘q. Sentyabr oyida uning Buyuk Britaniyada "multikulturalizm barbod bo‘ldi" degan so‘zlari shov-shuvga sabab bo‘lgan. Britaniyalik siyosiy sharhlovchilarning ta’kidlashicha, vazir Konservativ partiyaning o‘ng qanoti pozitsiyalarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni Londonda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy miting bo‘lib o‘tgan, unda 300 dan 500 minggacha odam qatnashgan. Yig‘ilganlar Britaniya hukumatidan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan.
LiveBarchasi