Britaniyada qirollik askarlariga terakt uyushtirilishining oldi olindi

Olam

image

Buyuk Britaniya politsiyasi Vindzor qasri yaqinidagi qirollik gvardiyasi askarlariga qarshi rejalashtirilgan teraktning oldini oldi. Bu haqda “The Sun” xabar berdi.

Britaniya politsiyasi Viktoriya kazarmalariga uyushtirilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik hujumini to‘xtatgan. Bu kazarmalarda Qirol Charlz III’ni qo‘riqlovchi ColdStream gvardiyasi 1-bataloni joylashgan. 

Mazkur kazarmalar Britaniya monarxlari qarorgohi bo‘lgan Vindzor qasri yaqinidagi Berkshir grafligida joylashgan. Shubhali shaxs qo‘lga olingach, ikki kun davomida harbiylar forma kiygan holda kazarma hududini tark etmaslik haqida ogohlantirilgan.

“Shubha bor edi – gumonlanuvchi hujum uyushtirishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Politsiya kazarma rahbariyatini darhol xabardor qildi va u hibsda bo‘lganiga qaramasdan, darhol zarur choralar ko‘rildi. Bu xavfsizlik xodimlarida jiddiy tashvish uyg‘otdi, biroq barchasi umumiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirildi”, deyiladi xabarda. 

Nashrning yozishicha, politsiya o‘tgan haftada 20 yoshli erkakni o‘qotar qurol saqlash va yong‘in chiqarganlik gumoni bilan hibsga olgan. U qayta hibsga olinib, bu safar terrorchilik harakatlarini tayyorlaganlikda gumon qilingan.

Politsiya “Daily Mail” nashriga ikkinchi marta hibsga olish haqida ma’lumotni tasdiqlagan. 

Hozirda hodisani Janubi-sharqiy Buyuk Britaniyada terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha politsiya boshqarmasi o‘rganmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi yolg‘iz harakat qilgan, boshqa shaxslar hibsga olinmagan. Nashr Britaniya Mudofaa vazirligidan izoh so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH immigratsiya rasmiylari mamlakat Prezidenti Donald Trampga suiqasd qilish bilan tahdid qilgan, Meksikadan kelgan noqonuniy muhojirni hibsga olgandi. Ichki xavfsizlik vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimi Ramon Morales Reyes ismli shaxsdan maktub olgan. Maktubda “Men bu mamlakatni faqat Prezident Trampning mitinglaridan birida boshiga o‘q uzganimdan keyin tark etaman” deya yozgan migrant.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Vindzor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing