Britaniya TIV rahbarining o‘rinbosari ham “Chorsu” bozorini aylandi (video)

Bu qiziq

image

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart hamrohligida Toshkentdagi "Chorsu" bozoriga bordi. Bu haqda elchi o‘zining X'dagi sahifasida ma’lum qildi. 

“Kecha kechqurun vazir Dokerti bilan "Chorsu" bozoriga tashrifimizdan zavq oldik. Odamlar bizni juda yaxshi kutib oldi va vazir ajoyib o‘zbek quritilgan mevalari va yong‘oqlarini tatib ko‘rdi (va sotib oldi!)”, deb yozadi Britaniya elchisi. 

Qayd etish joizki, Leo Dokerti O‘zbekistonga safari davomida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov bilan muzokaralar o‘tkazgan.

O‘zbekiston TIV bayonotiga ko‘ra, tomonlar siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya muloqotining holati va istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashgan hamda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qilgan. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham ko‘rib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu ham O‘zbekistonga safari davomida AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik hamrohligida “Chorsu” bozoriga borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Buyuk Britaniya Chorsu Leo Dokerti Timoti Smart

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing