Britaniya nega Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berishga ikkilanyapti?
Olam
−
23 fevral 2023
9564Buyuk Britaniya qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga tezda topshirish niyatida emas, chunki u maxfiy ishlab chiqarish texnologiyalari rossiyalik mutaxassislar qo‘liga tushib qolishini va o‘z fuqarolarini urush hududiga samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun jo‘natishni istamaydi. Bu haqda kecha, 22 fevral kuni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi ma’lum qildi.
“Samolyotlarni topshirish katta ish. Logistika, yoqilg‘i, ta’mirlash, muhandislik ishlari, avionika (samolyot bortiga o‘rnatiladigan elektron tizimlar to‘plami) – bularning barchasi katta kuch va tajriba talab qiladi. Bu esa odamlarimizni Ukrainaga jo‘natish demakdir. Chunki siz uchinchi va to‘rtinchi avlod qiruvchilarini ular bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan muhandislarga topshirib, ulardan bir nechta parvoz kuta olmaysiz”, degan Jeyms Xippi.
Shuningdek, u Britaniya rasmiylarining ukrainalik uchuvchilarni NATO qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatish haqidagi e’loniga izoh berar ekan, bu qadam samolyotlarni yaqin kelajakda Ukrainaga yetkazilishini anglatmasligini ta’kidlagan.
“Uchuvchilarni tayyorlash to‘g‘risidagi qaror Ukraina Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi jangovor samolyotlar va ularni boshqaruvchi uchuvchilar sonidagi nomutanosiblik sabab qabul qilindi. Shu sababli, son jihatdan ko‘p bo‘lgan uchuvchilar Ukrainani tark etib, boshqa samolyotlarda mashg‘ulotlarni boshlash imkoniyatiga ega”, deydi vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, 8 fevral kuni Londonda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv oldidan Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Kiyevga NATO safida xizmat qiladigan qiruvchi uchuvchilarni tayyorlash taklifi olinganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles London yaqin kelajakda Ukrainaga qiruvchi samolyotlarni o‘tkazish niyatida emasligini aytgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi