Britaniya mudofaa attashesi Rossiyadan chiqarib yuborildi
Olam
−
17 may
4606Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Britaniyaning Londondagi Rossiya mudofaa attashesini chiqarib yuborish qaroriga Moskvadagi Buyuk Britaniyaning mudofaa bo‘yicha attashesini chiqarib yuborish orqali javob berishini bildirdi. Bu haqda Rossiya TIV xabar berdi.
Bildirilishicha, Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi vakili vazirlikka chaqirilgan. Uchrashuvda Britaniya rasmiylarining Rossiyaga qarshi qarorlari tanqid qilingan.
"Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning Londondagi elchixonasi mudofaa bo‘yicha attashesiga nisbatan qabul qilingan dushmanona va asossiz qaror tufayli vakilga qattiq norozilik notasi topshirildi", deyiladi TIV bayonotida.
Ta’kidlanishicha, bu qadamlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga “tuzatib bo‘lmas zarar” keltirdi.
"Biz vakilga bu harakatni aniq rusofobiya bilan siyosiy maqsadli harakat deb bilishimizni ta’kidladik", deyiladi xabarda.
Shuningdek, vakilga Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasidagi mudofaa bo‘yicha attashesi yuborilishi haqida ma’lum qilingan.
“Britaniya tomonining 8 may kuni e’lon qilgan Rossiyaga qarshi dushmanona harakatlariga munosabatimiz bu qadam bilan tugamaydi. Muammoning kuchayishini boshlaganlar keyingi javob choralari haqida xabardor qilinadi", deydi Rossiya TIV.
Ma’lumot uchun, 8 may kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi qo‘shma bayonotida zararli razvedka faoliyatiga asoslanib Rossiya mudofaa attashesi chiqarib yuborilgani, Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim mulklardan diplomatik maqom olib qo‘yilgani va Rossiya diplomatik vizalarining amal qilish muddati cheklangani e’lon qilingan.
LiveBarchasi