Britaniya maxsus kuchlari Afg‘onistondan qochish uchun paranji kiyib olgani aytildi
Olam
−
05 Sentabr 2021
12798Britaniya maxsus kuchlarining bir guruh askarlari ayollar kiyimida Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan. Bu haqda “Daily Star” nashri o‘z manbalariga tayanib, xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, gap Britaniya Maxsus havo xizmatining (SAS) 20 nafar askari haqida bormoqda. Ular Afg‘oniston janubida o‘z missiyasini bajarayotgan bo‘lgan. Biroq, rahbariyat ularni mamlakatdan evakuatsiya qilishni buyurgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Afg‘onistonni tark etish uchun mamlakat janubidan poytaxt Qobulga o‘zlari mustaqil kelishi kerak bo‘lgan. Shu sababli ular ayollar kiyimi va yopinchiqlaridan foydalangan.
“Ular harbiy texnikasining katta qismini tashlab ketishga majbur bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Gazetaning yozishicha, maxsus kuchlar ayollar kiyimini kiygach, beshta taksiga buyurtma bergan va shu tariqa Afg‘oniston poytaxtiga yetib olgan. Afg‘oniston maxsus kuchlarida xizmat qilgan bir askar esa britaniyaliklarga “Tolibon” qo‘l ostidagi nazorat punktlaridan o‘tishda yordam bergan.
“Xavfli paytlar bo‘ldi, lekin hatto, toliblar ham ayol kishining paranjisini yechishni xohlamadi”, deydi nashr manbasi.
Natijada bir guruh ingliz harbiy xizmatchilari Qobul aeroportiga muvaffaqiyatli yetib olgan va mamlakatni tark etgan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi