Britaniya Xitoyga nisbatan sanksiyalar joriy qilmoqchi

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati “Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlangan” xakerlar britaniyalik parlamentariylarga qarshi kiberhujumlar uyushtirgani sababli unga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqchi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Sky News” telekanali xabar berdi.

Cheklovlar bugun, 25 mart kuni e’lon qilinishi mumkin. Qayd etilishicha, xitoylik xakerlar Buyuk Britaniya Saylov komissiyasi serverlarini buzib kirishga hamda Jamoat palatasi va Lordlar palatasi ayrim a’zolarining shaxsiy ma’lumotlariga kirishga harakat qilgan. Shu munosabat bilan parlament Jamoat palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisha Kerns hukumatni Xitoyga nisbatan siyosatini yanada aniqroq shakllantirishga chaqirdi.

"Elektron pochta manzillarimga Xitoydan kelayotgan kiberhujumlarni boshdan kechirdim. Tahdid haqiqat, ular bizning demokratiyamizga putur yetkazmoqchi. Agar bizda butun mamlakat atrofida birlasha oladigan davlat strategiyasi bo‘lmasa, barqarorlik borasida bo‘shliqlar paydo bo‘ladi, bu esa bizni himoyasiz qiladi", deydi Kerns.

“The Sunday Times” nashrining yozishicha, xakerlar Konservativ partiyaning sobiq yetakchisi Ien Dunkan Smit, Jamoat palatasining ichki ishlar qo‘mitasi sobiq raisi Tim Loton, Lordlar palatasi a’zosi Devid Elton va Shotlandiya milliy partiyasi deputati Styuart MakDonaldga zarar yetkazgan. 

“Sky News”ning xabar berishicha, Birlashgan Qirollik Bosh vaziri o‘rinbosari Oliver Douden bugun, 25 mart kuni Jamoat palatasi spikeri Lindsi Xoyldan Xitoy bo‘yicha bayonot berishga ruxsat berishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya sanktsiya Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing