Britaniya dronlaridagi kameralar Xitoyga “quloqlik” qilgani aniqlandi

Olam

image

Britaniyaning elita maxsus kuchlari foydalanadigan Qirollik harbiy-dengiz kuchlari dronlaridagi kameralar Xitoydagi IP-manzilga ma’lumot yuborgani aniqlandi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qirollik dengiz piyodalari tomonidan boshqariladigan K3 Scout uchuvchisiz kemalaridagi kameralarda Xitoyda ishlab chiqarilgan komponentlar bo‘lgan. Qurilmalar kameralar internetga ulangani va normal ishlayotganini bildiruvchi “heartbeat” signallarini Xitoydagi IP-manzilga yuborgan.

Hodisa aniqlangach, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi kameralarning internetga ulanish imkoniyatini o‘chirgan. Rasmiylar maxfiy harbiy ma’lumotlar yoki Mudofaa vazirligi tizimlariga kirilgani yoxud ma’lumotlar xorijga uzatilganiga oid dalillar topilmaganini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirollik dengiz piyodalari tomonidan boshqariladigan K3 Scout dronlaridan 2026 yil mart oyidan foydalanib kelinmoqda. Qiymati 12 million funt sterling bo‘lgan dronlar parkini Britaniyaning Kraken Technology Group mudofaa kompaniyasi yetkazib bergan. Kompaniya dronlarga o‘rnatilgan kameralarni esa uchinchi tomon yetkazib beruvchisidan xarid qilgan.

Mazkur dronlardan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatlanish erkinligini himoya qilishga qaratilgan ehtimoliy Britaniya mudofaa rejalariga tayyorgarlik jarayonida ham foydalanilgani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, K3 Scout 600 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi va 30 kungacha uzluksiz ishlashi mumkin. Tizim AQSH Maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi tomonidan ham xarid qilingan hamda NATOning Boltiqbo‘yidagi mashg‘ulotlarida qo‘llangan.

Britaniya Mudofaa vazirligi ushbu zaiflik muntazam kiberxavfsizlik tekshiruvi davomida aniqlanganini ma’lum qilgan. Kraken Technology Group esa o‘tkazilgan audit natijasida maxfiy ma’lumotlar ruxsat etilgan kanallardan tashqariga uzatilmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi xorijiy razvedka xizmatlari mamlakat suv hududlarini kuzatish uchun sensorlar o‘rnatilgan hayvonlardan foydalanayotganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing